Har kun ertalab qadrdon ishxonamga yoʻl olar ekanman, kun davomida qiladigan ishlarimni rejalashtirib boraman. Qoʻl telefonimga viloyat yoshlari deyarli har kuni yoʻllaydigan goh yozma, goh ovozli xabar, taklif, murojaatlarni oʻqib, oʻzim uchun xulosalar chiqaraman. Imkon qadar ular bilan yaqin boʻlishga harakat qilaman. Yoʻl-yoʻlakay nimalarnidir sarhisob qilayotib, oʻzim koʻrgan, koʻnglimdan oʻtganlarni bir-bir qogʻozga tushirib olaman.
Yoshlar bilan ishlashning ham oʻziga yarasha gashti, sururi, goh munozarali, goh mulohazali tomonlari bor. Ammo ularni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, iqtidori va salohiyatini toʻlaqonli yuzaga chiqarishi, oʻqishi, kasb-hunar egallashi uchun koʻmaklashish zarur. Bu borada keng imkoniyatlar ochilayotgani ham ayni haqiqat.
Oʻtgan yili Toshkent viloyatida yoshlar bilan individual ishlash tizimini joriy etish uchun 14–30 yoshdagi 654 ming 215 nafar yosh faoliyati tahlil qilindi. Ular uch toifaga ajratilib, tarbiyasi ogʻir va alohida ishlash zarur boʻlgan yoshlar turli darajadagi tashkilot-muassasalar rahbarlariga individual biriktirildi. Natijada yordam koʻrsatilishi zarur boʻlgan 20 ming 504 nafar oʻgʻil-qizning barchasiga amaliy koʻmak berildi.
Oybek Oqqoʻrgʻon tumaning Qoʻrgʻontepa mahallasida yashaydi. U yoshligidan temirchilik bilan shugʻullangan. Hayotning turli sinovlari, taqdirning kutilmagan zarbalari bor. Bu sinovlar kutilmaganda inson boshiga tushishi, uni esankiratib qoʻyishi mumkin. U shunday chorasizlikdan chiqish uchun oʻtgan yil 5-may kuni Oqqoʻrgʻon tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazida Toshkent viloyati hokimiga biriktirilgan yoshlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda viloyat rahbariga muammolarini aytgan va amaliy yordam olganlardan biri. Oybekning boshiga tushgan hamma sinov ortda qolib, probatsiya roʻyxatidan chiqarildi. Belni mahkam bogʻlab, hayotda oʻz oʻrnini topish, rejalarini bajarishga jiddiy kirishdi. U boshlagan xayrli tashabbuslar mahallasida keng quloch yoydi. Bugun u nafaqat oʻzi, balki qoʻshnilarining ham tomorqasida dehqonchilikni yoʻlga qoʻyib, moʻl hosil, moʻmay pul topmoqda. Temirchilikni ham tashlab qoʻygani yoʻq.
Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yoshlar bilan ishlash yoʻnalishidagi saʼy-harakatlarni yangi bosqichga koʻtardi. Qaror asosida har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Ayni paytda Toshkent viloyatidagi 1 25 ta mahallada yoshlar yetakchisi samarali faoliyat yuritmoqda. Ular tengdoshlarini qoʻllab-quvvatlash, muammolarini oʻrganish va hal etishga qaratilgan amaliy ishlar bilan mashgʻul. Jumladan, yoshlarning rahbarlarga biriktirilishi hamda yoshlar yetakchilari qilayotgan ishlar, ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoyaga muhtojlarini qoʻllab-quvvatlash, murojaatlarini alohida nazoratga olish borasidagi chora-tadbirlar ijobiy natija bermoqda.
Yana bir hayotiy misol. Chinoz tumanida yashovchi Zohidjon Dadaboyev tirishqoq va oʻz ustida ishlaydigan yigit. Taqdir ekan, u eshitish va gapirish qobiliyatidan mahrum. 2021-yili ishlagani Rossiyaga ketdi. Bundan xabar topgan mahalladagi yoshlar yetakchisi unga qaytib kelishini va qiziqishiga qarab, yordam berishini aytdi. 2022-yil oktyabrda Zohidjon migratsiyadan qaytdi. U yashaydigan “Birlik” mahalla fuqarolar yigʻinidagi yoshlar yetakchisi dastlab Zohidjonning ehtiyojidan kelib chiqib, “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hisobidan tomorqasi uchun urugʻlik olib berdi. Soʻng hokim yordamchisining tavsiyasi asosida Oqqoʻrgʻon tumanidagi monomarkazda oshpazlik yoʻnalishida oʻqitildi. Oshpazlik sirlarini puxta oʻrgangan Zohidjon “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2023-yil 1-mavsumida “Kasblar tanlovi”ning viloyat bosqichida 3-oʻrinni egalladi. Ayni paytda u Toshkent shahridagi “Ahmad oltin joʻja” oshxonasida oshpaz vazifasida ishlab, 5 million soʻmdan ziyod maosh olyapti. Bunday misollar koʻp. Muhimi, hammasiga yechim topilyapti. Murakkab taqdirli har bir yoshning orzu-maqsadiga erishishi uchun imkoniyatimiz bor.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining yaqinda oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishida ilm-fan, taʼlim-tarbiya, maʼnaviyat masalalarida jon kuydirib aytilgan soʻzlar barchamizning yuragimizga qadar yetib keldi. Yoshlar orasida maʼnaviyat masalasi muntazam kun tartibida turishining zarurati va ahamiyatini toʻla his etdik. Qolaversa, maʼnaviyatni, maʼrifatni qaror toptirish maqsadiga haybarakallachilik, xoʻjakoʻrsin tadbirlar oʻtkazish orqali erishib boʻlmasligiga yana bir karra ishonch hosil qildik. Chunki hozirgi yoshlarning tafakkur tarzi butunlay yangicha. Shu bois, maʼnaviy-maʼrifiy targʻibotning yangi usullaridan foydalanishgina ish beradi. Eskicha usulda yoshlarga maʼnaviyatni uqtiraman, degan va shunga uringan odam mablagʻni ham, vaqtni ham behuda sovurgan boʻladi.
2024-yilning mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb nomlangani barcha qatori Toshkent viloyati yoshlarini ham quvontirdi, shuningdek, yelkamizga katta masʼuliyat yukladi. Bu kabi imkoniyatlar katta hayotga kirib kelayotgan yigit-qizlar hayotida oʻchmas iz qoldirishi shubhasiz. Oʻylaymanki, yoshlar bilan birga marrani baland olib, bir yoqadan bosh chiqarib, ishlasak, natija ham shunga yarasha boʻladi.
Miraziz MIRSULTONOV,
Yoshlar ishlari agentligi
Toshkent viloyati boshqarmasi
boshligʻi