Ushbu Memorandumning maqsadi Oʻzbekistonda haydovchilik va avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish sohalarida professional koʻnikmalarga ega kadrlarni tayyorlash hamda ularni Yaponiyaga vaqtinchalik ishlash uchun yuborish boʻyicha uch tomonlama hamkorlik qilishdan iborat.

Hamkorlik shartlariga koʻra, «Vatanparvar» tashkiloti oʻquv muassasalarida Yaponiyada ishlash istagida boʻlgan fuqarolar engil, tirkamali va yoʻlovchi tashuvchi avtotransport vositalari haydovchisi, kara yuk ortuvchi transport boshqaruvchisi hamda autochilangar mutaxassisliklariga tayyorlanadi. Migratsiya agentligi, oʻz navbatida, tayyorlangan kadrlarning kunchiqar mamlakatga yuborilishini taʼminlaydi.

Yaponiya tomoni loyihasiga koʻra, Sirdaryo viloyatida haydovchilarni tayyorlash va tilga oʻqitishga ixtisoslashgan oʻquv markazi hamda autodromi tashkil etiladi. Mazkur markazda dastlabki bosqichda 100 nafar, keyingi yillar davomida 1000 nafargacha fuqarolar oʻqitilib, ushbu mamlakatga ishga yuboriladi.

Eslatib oʻtamiz, 2023 yilning sentyabr oyida «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi va Migratsiya agentligi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan boʻlib, ushbu memorandumning asosiy maqsadi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan mamlakatimiz fuqarolarini shartnoma asosida xorijiy mehnat bozorida talab etilgan mutaxassisliklar boʻyicha oʻqitish hisoblanadi. Shuningdek, ushbu hujjatda oʻqish davomida fuqarolarda vatanparvarlik tuygʻusini keng targʻib etish va ularda vatan tuygʻusi sifatlarini rivojlantirish belgilab qoʻyilgan.