Unda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi boshlig'i Ulug'bek Toshkenboev, Ta'lim sifatini baholash bo'yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori Abduvali Ismoilov, Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori o'rinbosari Mehriniso Pardaeva, Sirdaryo viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig'i Otabek Donaboev, Sardoba tuman hokimligi, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi, o'qituvchilar malakasini oshirish markazi mutasaddi rahbarlari hamda amaliyotchi pedagoglar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida viloyatda ta'lim sifati va samaradorligi ta'minlash, bu jarayonda mahalliy hokimliklarning o'rni, milliy o'quv dasturini amaliyotga joriy etish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar va shu kabi qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ma'lumki, O'zbekiston ilk marotaba ta'lim sifatini baholash bo'yicha xalqaro tadqiqotlarni ishtirok etishga tayyorgarlik ko'rmoqda. 15 yoshli o'quvchilarning o'qish, matematika va tabiiy fanlar bo'yicha savodxonligini baholashga yo'naltirilgan PISA dasturining tajriba-sinovlari joriy yilning aprel`-may oylarida o'tkazildi. Asosiy tadqiqotlar esa 2022 yil aprel`-may oylarida tashkil etiladi.

Mazkur tadqiqotlarga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha o'tgan yilda respublika bo'yicha 348 ta tayanch maktab belgilanib bo'lib, ulardan 15 tasi Sirdaryo viloyatida joylashgan. Mazkur maktablarga yaqin hududlarda joylashgan boshqa maktablar ularga biriktirildi va trener-o'qituvchilar guruhlari shakllantirildi.Ushbu tayanch maktablari viloyatdagi boshqa maktablar uchun xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik yo'nalishida muvofiqlashtiruvchi va metodik bazaga ega bo'lgan muassasa hisoblanadi.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi boshlig'i Ulug'bek Toshkenbaev Prezidentimiz tomonidan Sirdaryo viloyatida oila-mahalla-maktab-OTM modelini joriy etish va o'qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish hamda viloyatni ta'lim sifatini ta'minlash bo'yicha namunali hududga aylantirish yuzasidan qator vazifalar belgilab berilganini ta'kidlar ekan, bu borada kun tartibida turgan masalalarga to'xtalib o'tdi:

— Davlatimiz rahbari tomonidan o'quvchilarni faqat yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika ishlab chiqish, bu borada Finlyandiya tajribasini o'rganish bo'yicha vazifa berilgan. Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida ilk marotaba ta'lim sifatini baholash bo'yicha tayyorgarlik ko'rmoqdamiz. Ushbu jarayonlarni yanada samarali tashkil etish uchun bugungi kunda Finlyandiya ta'lim tizimidan 2 ta ekspert (maslahatchi) jalb etildi. SHuningdek, matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo'yicha Finlyandiya ta'lim tizimi vakillari bilan hamkorlikda videokonferentsiya aloqa vositalari orqali maxsus treninglarni tashkil etilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda ta'lim sifati va samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim qadam bo'lib xizmat qilishi kerak. Sirdaryo viloyatida esa bu borada etakchi hududlardan biriga aylanish uchun barcha imkoniyatlar etarli.

Seminarning ikkinchi qismida esa matematika, biologiya, kimyo, o'qish fanlari hamda ta'lim jarayonlarini takomillashtirish kabi sho''balarga bo'lingan holda Ta'lim sifatini baholash bo'yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tajribali ekspertlari, Guliston davlat universiteti professor-o'qituvchilari ishtirokchilarga xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik bo'yicha mahorat darslari o'tib berishdi hamda ularning qiziqtirgan savollarga javob qaytarishdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga xalqaro tadqiqotlar bo'yicha o'quv qo'llanmalari tarqatildi, deyiladi inspektsiya axborot xizmati xabarida.