Sirdaryo oʻzanidan noqonuniy qum-shagʻal olib chiqilayotgani fosh etildi

    Tabiatga 16 milliard 912 million 862 ming 600 soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.

    Toshkent viloyatida oʻtkazilgan nazorat tadbiri davomida Bekobod tumanida noqonuniy qum-shagʻal qazib olish holati aniqlandi.

    Maʼlum boʻlishicha, F.T. va U.Q. ismli fuqarolar tomonidan Bekobod tumanidagi “Achamayli” mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi Sirdaryo daryosi oʻzanidan davlat raqami 20 Q 923 DA boʻlgan yuk avtomobili hamda maxsus yuklovchi texnika vositasi orqali qum-shagʻal aralashmasi noqonuniy ravishda tashib chiqilgan.

    Mazkur harakat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 14-son farmoni, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi 666-sonli qaroriga zid holda amalga oshirilgan.

    “Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom asosida olib borilgan hisob-kitoblarga koʻra, tabiatga 16 milliard 912 million 862 ming 600 soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.

    Ayni paytda holat yuzasidan tegishli hujjatlar Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan. Reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.