Unga asosan, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 61,9 gektar maydonida zamonaviy “H” toifasidagi kombinatsiyalangan siklda ishlaydigan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi quriladi. Mazkur stansiya 2026-yilda ishga tushiriladi.

Loyiha doirasida foydali ish koeffitsenti 60 foizdan yuqori boʻlgan qurilmalarni oʻrnatish hisobiga yiliga 12 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va buning natijasida yiliga 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Ahamiyatli jihati, obyekt qurilishi davomida 2 500 nafar, ishga tushirilgandan soʻng esa 120 nafar doimiy ish oʻrinlari yaratiladi.

Taʼkidlash joizki, mazkur yirik loyiha xalqaro ochiq tender savdolarini oʻtkazish orqali Markaziy Osiyo va MDH davlatlarida amalga oshirilayotgan eng yirik investitsiya loyihalaridan biri hisoblanadi.

Eslatib oʻtamiz, Xalqaro moliya korporatsiyasining texnik koʻmagida oʻtkazilgan xalqaro ochiq tenderda 2021-yil 19-noyabrda “EDF International S.A.S.” (Fransiya), “Nebras Power Investment Management B.V.” (Qatar), “Sojitz Corporation” (Yaponiya) va “Kyuden International Corporation” (Yaponiya) kompaniyalari konsorsiumi gʻolib boʻlgan edi.

Maʼlumot uchun: 2022-yil 20-noyabrda Sirdaryo viloyati Xovos tumanida 220 MVt quvvatli yangi IES ishga tushirildi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida 1500 MVt quvvatli zamonaviy IES ishga tushirilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.