Sirdaryo viloyati Sogʻliqni saqlash tizimi koronavirusga qarshi aholini emlashga tayyormi?

    Salomatlik 1 Mart 2021 1368

    COVID-19ga qarshi profilaktik emlash ishlarini oʻtkazish maqsadida Sirdaryoda tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

    Koronavirus infeksiyasiga qarshi xavfsiz immunizatsiya ishlarini oʻtkazish uchun Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi barcha tuman va shahar tibbiyot birlashmalarida 96 ta emlash brigadalari tashkil etildi.

    Emlash brigadalariga 360 nafar (113 nafar vrach, 148 nafar vaksinator, 99 nafar registrator) tibbiyot xodimlari roʻyxat asosida biriktirilib, ularni qayta oʻqitish ishlari boshlab yuborildi.

    Emlash punktlarida qoʻshimcha emlash xonalari ham tashkil etildi. Koronavirusga qarshi emlashni oʻtkazilishi va emlashdan keyingi nojoʻya reaksiyalar ustidan monitoring olib borish maqsadida 84 ta mobil brigadalar tashkil etilib, avtotransport vositalari bilan taʼminlangan.

    Immunizatsiya ishlarini viloyatda xavfsiz oʻtkazish maqsadida tashkil etilgan va emlashdan keyingi asoratlarni oʻrganuvchi ekspert komissiya aʼzolari yaʼni pediatr, nevropatolog, immunolog, epidemiolog, infeksionistlar tarkibi tuzildi. Ularning barchasi qayta tayyorgarlikdan oʻtkazildi.

    Shuningdek, viloyatdagi barcha davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat yurituvchi tibbiyot xodimlari, koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika, qishloq oilaviy poliklinikasi, qishloq vrachlik punktlarida faoliyat koʻrsatuvchi oila shifokorlari va hamshiralar, aholi qatlami, surunkali kasalliklar bilan kasallanganlar, xavf guruhiga mansub aholi soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hududlar kesimida jadval asosida shakllantirildi.

    Har bitta emlash punktlarida 1 ta harakatdagi emlash brigadalari tashkil etilib, ularga malakali shifokorlar, vaksinator, dublyor va registratorlar biriktirildi.

    Emlash punkti va emlash brigadalari emlash ishlarini oʻtkazish uchun yetarli tibbiy jihozlar hamda shaxsiy himoya vositalari, tibbiy niqob, qoʻlqop, antiseptik vositalar, respirator bilan taʼminlandi.

    Emlash jarayonida sovuqlik zanjiriga rioya qilish yuzasidan viloyat sanitariya epidemologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi markaziga qarashli vaksina saqlash omborxonalariga va emlash ishlari oʻtkazilishi koʻzda tutilgan uchastkalarga yangi zamonaviy sovutkichlar oʻrnatildi.

    Bundan tashqari Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Sogʻliqni saqlash vazirligi, GAVI hamda YUNISEF tashkilotlari hamkorligida Oʻzbekiston Respublikasi immunizatsiya dasturiga muvofiq, vaksinalarni emlash punktlariga sifatli yetkazilishini taʼminlash maqsadida avtomashinalar bilan taʼminlanib, zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan.

    Akbarxon MIRZAXONOV,

    Sirdaryo viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi

    boshligʻining birinchi oʻrinbosari.