Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan yangilanishlar natijasida viloyat iqtisodiyotida muhim tarkibiy oʻzgarishlar roʻy bergani qayd etildi. Ilgari asosan qishloq xoʻjaligiga bogʻlanib qolgan hududda sanoat va xizmatlar sohasi jadal rivojlanib, biznes muhiti yaxshilandi, ilgʻor tadbirkorlarning qatlami shakllandi.

Oʻtgan yili Sirdaryo viloyati iqtisodiyoti 9,8 foizga oʻsdi. Sanoat ishlab chiqarishida 8,2 foizlik oʻsish taʼminlanib, bu koʻrsatkich boʻyicha viloyat hududlar orasida toʻrtinchi oʻrinni egalladi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi ham izchil oʻsib bormoqda. 2017-yilda 10 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilga kelib, 38,1 million soʻmga yetdi, yaʼni qariyb 3,8 barobarga oshdi.

Oʻtgan yili viloyatda 42 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, ularning umumiy qiymati 333 million dollardan oshdi. Ushbu loyihalar doirasida 17,5 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Yigʻilishda Sirdaryoni Xitoy tajribasi asosida ilgʻor innovatsion hududga aylantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida toʻxtalindi. Xitoy provinsiyalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Malayziyaga amalga oshirilgan xizmat safarlari doirasida qator investorlar bilan muzokaralar oʻtkazildi, yuzlab million dollarlik loyihalar shakllantirildi. Jumladan, Guliston tumanida 300 million dollarlik chorvachilik majmuasi va bolalar uchun oziq-ovqat ishlab chiqarish loyihasi boʻyicha kelishuvga erishildi. Yangiyer shahrida Fransiyaning “Bonduelle” kompaniyasi bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot, kosmetika sanoati, agrosanoat va qayta ishlash sohalarida ham yangi investitsiya tashabbuslari ishlab chiqilmoqda. Xususan, Shirin shahrida data-markaz, Guliston shahrida inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish boʻyicha loyihalar shakllantirilgan.

Yigʻilishda joriy yilda viloyatga 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Buning hisobiga yalpi hududiy mahsulotni 9 foizga, sanoatni 8,2 foizga, xizmatlar sohasini 15,4 foizga, qishloq xoʻjaligini 6,8 foizga va qurilish hajmini 15 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Oʻtgan yili kambagʻallik darajasi 11,3 foizdan 6,2 foizga tushirildi. Biroq bu koʻrsatkich hali ham respublika oʻrtacha darajasidan yuqori ekani qayd etildi.

Joriy yilda tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun 10 trillion soʻm resurs ajratilmoqda. Mazkur mablagʻlar asosida 185 ming aholini ish bilan taʼminlash, ishsizlik darajasini 4,6 foizgacha, kambagʻallikni esa 3 foizgacha qisqartirish rejalashtirilgan. Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlarini ishsizlik hamda kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish choralari koʻriladi.

Bu borada “Mehnatsevar ayol”, “Teng imkon – inklyuziv bandlik”, “Bir mahalla – bir mahsulot” kabi dasturlar doirasida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, mahallalarda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholining daromad manbalarini koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Yoʻnaltirilgan 100 million dollar hisobiga viloyatda 47 ta maktab, 45 ta bogʻcha, 35 ta tibbiyot muassasasi hamda 18 ta sport va madaniyat obyektini toʻliq taʼmirlash topshirildi.

Oʻtgan yilda Guliston shahridagi 22 ming xonadonni uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasi hal etildi. Mirzaobod, Sardoba, Boyovut, Xovos tumanlari va Yangiyer shahridagi 12 ming xonadon ham doimiy ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda.

Muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish doirasida joriy yilda 349 kilometr elektr tarmoqlari qurish, 99 ta transformator oʻrnatish, shuningdek, suv tarmoqlarini kengaytirish hisobiga aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasini 89,5 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, viloyatda uy-joy qurilishi jadal davom ettirilmoqda. 2026-yilda 3,5 ming xonadondan iborat 80 ta koʻp qavatli uy qurish, jumladan, 1,5 ming xonadonni “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida barpo etish hamda renovatsiya dasturi asosida yangi uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Qishloq xoʻjaligidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi alohida taʼkidlandi. Sirdaryoda ekin maydonlari jon boshiga boshqa qator hududlarga nisbatan ancha koʻp boʻlib, suv taʼminoti ham yaxshi. Biroq meva-sabzavot eksporti hozircha 60 million dollardan oshmayotgani qayd etildi.

Bu borada “Sirdaryo agro invest” kompaniyasini tashkil etib, Xovos tumanida suv tejovchi va yuqori agrotexnologiyalar asosida daromadli ekin maydonlarini shakllantirish hamda ularni “tayyor biznes” shaklida aholiga taklif qilish rejalashtirilgan. Dastlab 12 ming gektar yer maydonida ushbu mexanizmni joriy etish koʻzda tutilgan.

Joriy yilda 20,8 ming gektar yer maydonida suv taʼminotini yaxshilash va 748 million kub metr suvni tejash vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda Vengriya tajribasi asosida Xovos tumanidagi qator mahallalarda “aqlli qishloq” pilot loyihasini amalga oshirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Unda mahallalarga ajratilayotgan mablagʻlar shaffofligi, xavfsizlik, ekologik holat, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash va tadbirkorlik imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlar ochiq raqamli tizim orqali aholiga yetkazib boriladi.

Yigʻilish yakunida mutasaddilarga qator aniq topshiriqlar berildi. Jumladan, Guliston shahridagi “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida kamida 5 ming ish oʻrinli investitsiya loyihalarini joylashtirish, quyosh panellari ishlab chiqarish boʻyicha 100 million dollarlik loyihani ishga tushirish, “Feruz” podstansiyasi transformatorlarini modernizatsiya qilish vazifalari belgilandi.

Shuningdek, Boyovut tumanida “Sultonhovuz” suv ombori qurilishi boʻyicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish, viloyat yoʻllarini taʼmirlash uchun xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish, Mirzaobod tumanida anorni saqlash va qayta ishlash agromajmuasini tashkil etish hamda zamonaviy koʻchatchilik markazlarini ochish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz yoshlarni zamonaviy kasb va tillarga oʻqitishga ham alohida eʼtibor qaratib, xalqaro standartlar asosida malakani baholash markazlarini tashkil etish va kamida 2 ming yoshni kasb-hunarga tayyorlash zarurligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari viloyatda amalga oshirilayotgan har bir loyiha aholi daromadi va turmush darajasida oʻzining amaliy aksini topishi lozimligini qayd etib, belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.