Sirdaryoda fuqaro elektr qarmoq yordamida baliq ovladi

    Yashil sayyora 26 Iyun 2025 498

    Ekologiya vazirligi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi hamda Sirdaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan taqiqlangan ov qurollari bilan baliq ovlash holatlarining oldini olish maqsadida tezkor reyd tadbiri oʻtkazildi.

    Oʻtkazilgan reyd davomida Sirdaryo daryosidan chiqib kelayotgan “Moskvich“ rusumli avtomashina inspektorlar tomonidan koʻzdan kechirilganida avtotransport vositasi yukxonasidan 1 dona baliq ovlashga moʻljallangan elektr qarmoq, 1 dona rezina qayiq, 3 dona akkumulyator hamda umumiy hisobda 19 dona baliq borligi aniqlandi.

    Ovlangan baliqlar orasida 2 dona oq amur, 7 dona oqqayroq, 9 dona tovon baliq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan 1 dona Turkiston moʻylovdori boʻlib, ular noqonuniy ravishda elektr qarmogʻi yordamida Sirdaryo daryosidan ovlanganligi maʼlum boʻldi.

    Holat yuzasidan hayvonot dunyosiga 495 million soʻm zarar yetkazilgan.

    Barcha hujjatlar huquqiy baho berish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi, — deyiladi xabarda.