Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi hamda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida oʻtkazilgan tekshiruvda maʼlum boʻlishicha, Guliston tumani “Bahmal” mahallasi hududida fuqarolar A.T. va M.D. “Shoʻrazak” zovuridan noqonuniy ravishda baliq ovlagan.
Ular elektr qarmoqdan foydalanib, 20 dona “Kumush tovon”, 3 dona “Moy baliq” va 14 dona “Ilonbosh” baligʻini tutishgan. Rezina qayiq orqali baliqlarni suv havzasidan olib chiqib ketmoqchi boʻlishganida toʻxtatib qolingan.
Holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, elektr qarmoq, rezina qayiq, akkumulyator, eshkak, tutgich va tungi yoritish moslamasi vaqtinchalik saqlash uchun olib qoʻyilgan.
Hayvonot dunyosiga bazaviy hisoblash miqdorining 865 baravari, yaʼni 360 million soʻmga yaqin zarar yetkazilgani hisoblandi.
Huquqbuzarlik yuzasidan toʻplangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun Sirdaryo viloyati prokuraturasiga yuborilgan.