Oʻtgan hafta Prezidentimiz imzolagan yangi farmonga koʻra, Oʻzbekistonda 2030-yilga qadar umumiy yashillik darajasini 30 foizga, jon boshiga toʻgʻri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga yetkazish boʻyicha katta marra olindi.
Buning uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpogʻistonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar choʻl hududida yangi oʻrmonzorlar yaratiladi.
Shuningdek, viloyat hokimlarining har biri kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bogʻlari, 20 tadan soya-salqin sayr koʻchalari tashkil qilishga masʼul boʻladi.
Ekologiya va aholi salomatligi eng dolzarb masalaga aylanib borayotgan bir vaqtda hududga mos daraxtni tanlash va ekishda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining tavsiyasi ham juda muhim ekani qayd etildi.