Sirdaryoda davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etilish holati oʻrganildi

    Salomatlik 7 Aprel 2022 3158

    2022-yil 6-aprelda Guliston shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish holatini Sirdaryo viloyatida nazorat-tahlil tartibida oʻrganish yakunlari”ga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

    Mazkur tadbir Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari, Sirdaryo viloyat hokimligi, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼul rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtdi.

    Maʼlumki, Sirdaryo viloyatida joriy etilgan tajriba-sinov tariqasida tibbiyotni tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari natijasiga koʻra, bosqichma-bosqich respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga ham joriy etila boshlandi. Natijada bugungi kunda aholi birlamchi zarur dori-darmonlarni tibbiyotning birlamchi boʻgʻinidan olyapti.

    Tadbirda viloyatda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning oʻrta tibbiyot xodimlaridan tashkil topgan “tibbiyot brigadalari” faoliyati, kafolatlangan paket asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va toʻliq tibbiy yordam koʻrsatilishini moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarining joriy etilish holatini oʻrganish yakunlari muhokama etildi.

    Yigʻilishda taʼkidlanganidek, Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi va Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalari oʻrtasida shartnomalar tuzilib, ulardan kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar strategik xaridi yoʻlga qoʻyilgan va yangi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazilgan. Oʻtgan yilning ikkinchi yarmida viloyatdagi tibbiyot muassasalariga qariyb 10 milliard soʻm toʻlab berilgan.

    Shuningdek, kafolatlangan paket doirasida koʻrsatiladigan bepul tibbiy xizmatlar koʻlamini kengaytirildi. Xususan, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinib, elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllash tartibi joriy etildi. Yangi tizim boʻyicha xodimlarni oʻqitish yoʻlga qoʻyildi, aholi orasida targʻibot ishlari olib borilyapti. Viloyatda patronaj koʻriklari maqbullashtirilib, yangilangan maqsadli patronaj tizimi joriy etildi.

    Yangi shtat meʼyorlariga muvofiq, poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida biriktirilgan aholi orasidan har ikki ming nafariga 3 ta shtat birligida “tibbiyot brigada hamshiralari” lavozimi tasdiqlandi. Oilaviy shifokorga yordam beradigan 1 883 nafar oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat boʻlgan 421 ta “tibbiyot brigadalari” tashkil etildi. Viloyat aholisining 838 378 nafari hududdagi tibbiyot muassasalariga biriktirilgan holda, ularning elektron bazasi shakllantirildi.

    Bundan tashqari, joylarda oilaviy shifokor tomonidan tor soha mutaxassislari konsultatsiyasi va statsionar davolanish uchun yoʻllanmalar berish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Natijada, bemorlarni shifoxonalarga yoʻllanma bilan yotqizish koʻrsatkichi viloyat boʻyicha oʻrtacha 27,3 foizga, rejali jarrohlik boʻlimlarida operativ faollik 24,5 dan 38 foizga oshdi.

    Davlat tibbiy sugʻurta tizimining toʻliq yoʻlga qoʻyilishi sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablagʻlar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushini, aholining ijtimoiy zaif toifalari vakillarini sifatli tibbiy xizmat bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish, tibbiy xizmatlar bozorida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, hamda aholining tibbiy yordam uchun toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlovlari darajasini kamaytirishga xizmat qiladi.

    Boʻlib oʻtgan yigʻilishda muassasalarda mavjud tibbiy asbob-uskunalardan, kunduzgi statsionarlar faoliyatidan samarali foydalanish, shifoxonalarda yoʻllanma asosida davolanishiga eʼtiborni kuchaytirish, Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish borasidagi ishlarni kuchaytirish, tibbiyot muassasalari faoliyatining oʻzaro integratsiyasini toʻliq yoʻlga qoʻyish uchun tizimni kompyuter texnologiyalari bilan toʻliq taʼminlash ishlarini oxiriga yetkazish, tibbiyot muassasalarini jihozlash tabeli boʻyicha yangi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash va zarur reaktivlar bilan yetarli miqdorda taʼminlab borish zarurligi taʼkidlab oʻtildi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.