Yangi korxona ochish boʻladimi, davlat roʻyxatidan oʻtishmi, kreditlar olishmi, buxgalteriya hisobotlarini yuritishmi, faoliyatini yuritish uchun joy boʻladimi, xullas barcha masalalarda Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tadbirkorlar va bu sohaga endigina kirib kelayotganlarga amaliy yordam koʻrsatmoqda.

Buxoro viloyatidan Sirdaryo tumaniga kelib, yaqinda ish faoliyatini boshlagan Furqat Husayinov umumiy ovqatlanish shoxobchasini yoʻlga qoʻyish uchun joy topishda muammoga duch kelgan edi. Sirdaryo tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan joy ajratilib, zarur hujjatlarni olishda koʻmaklashildi. Bugun tadbirkor lazzatlari taomlari bilan el xizmatida.

Sirdaryo tumanining chekka hududlardan birida 12 gektar maydonda keng tarmoqli logistika markazini ishga tushirish harakatlarini boshlagan “Malika-Bunyod” MCHJga ham yaqindan zaruriy maslahat va koʻmaklar berildi.

— Ishimni tashkil qilishim uchun joy qidirib yurganimda bu yerni menga Sirdaryo tumani davlat soliq inspeksiyasi taklif qildi, — deydi “Malika-Bunyod” MCHJ rahbari Mahmud Haydarov. — Ular soliq bilan bogʻliq hamma masalalarda oʻz yordamlarini ayashmayapti. Yaqinda logistika markazini toʻliq ishga tushiraman. Kelgusida esa issiqxona va baliqchilik xoʻjaligini ham yoʻlga qoʻyaman. Natijada 98 ta ish oʻrnini yaratiladi.

Yangiyer shahrida qandolat mahsulotlari bilan shugʻullanib, xalqning dasturxonini shirinliklar bilan toʻkin qilayotgan “Mushtariy biskuit” korxonasini uzoq payt faoliyatni kengaytirish uchun kredit mablagʻini olish masalasi qiynab kelgan edi. Yangiyer shahar davlat soliq inspeksiyasi koʻmagida korxonaning muammosi oʻz yechimini topdi.

— Ilgari qoʻl mehnati bilan ikki nafar ishchi kuchi yordamida qandolat mahsulotlari tayyorlanar edi, — deydi korxona ishchisi Yorqinoy Komilova. — Shu bois ishimizni rivojlantirishda qiynalardik. Soliq organlari koʻmagida 70 mln. soʻm kredit mablagʻi olib, kerakli asbob-anjomlarni xarid qildik. Korxonamiz ishi osongina jadallashib, mijozlarimiz soni koʻpayib borishi bilan ishchi kuchiga talab sezilarli darajada ortdi. Ish oʻrinlarini koʻpaytirib, hozirda 20 nafar ayolni band qildik.

Oqoltin tumanida yashovchi Matluba ona ham oʻz yashayotgan uyida tikuv korxonasini tashkil etib, Oqoltin tumani davlat soliq inspeksiyasi koʻmagida 30 nafar ayolni ish bilan taʼminlashga erishdi.

Guliston tumanida xalqqa maʼrifat ulashish, shu orqali shaxsiy biznesini yoʻlga qoʻygan Nodira ham soliq organlari xizmatidan mamnun.

— Faoliyatimni boshlaganimda soliq haqida tushunchaga ega emas edim, — “Nodira nur” MCHJ rahbari Nodira Muhammedova. Soliq xizmati xodimlari soliq turlari va soliq hisobotlari haqida tushunchalar berishdi. Eng muhimi oʻtgan yili ijtimoiy soliq stavkasining 12 foizdan 1 foizga pasaytirib berilgani menga katta koʻmak boʻldi. Hisobimda tejab qolingan 11 foiz pul mablagʻimni yangi xizmatlarni joriy qilishga sarfladim.

Tadbirkor ragʻbatlantirilgani sari ishlashga intilaveradi. Davlatimiz tomonidan biznesni rivojlantirishga berilayotgan bunday eʼtibor ularni yana-da ruhlantirib, yangidan-yangi loyihalarni amalga oshirish, aholining bandligini taʼminlash va turmush farovonligini yaxshilash, davlat byudjetining boyishiga munosib hissa qoʻshishga undaydi.

Husan ISOQULOV,

Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi bosh inspektori