Energiya ishlab chiqarishda asqatuvchi gaz, koʻmir va neft zaxirasi kamayib borishi muqobil energetika manbalarini izlab topishga zamin yaratdi. Natijada “yashil” energiya atalmish quvvat zaxiralaridan foydalanish koʻlami tobora kengayib bormoqda. Bu hozirgi shiddatli davr talabi. Ana shu shiddat Oʻzbekiston iqtisodiyoti va xalqimiz turmush sharoitida ham yaqqol kuzatilmoqda.

Tabiiyki, sohaning kelajagi va hayotimizning ajralmas qismiga aylangan “yashil” energiya manbalariga talab ham oshyapti. Oʻzbekiston bu borada yangi tashabbus va loyihalarni ilgari surmoqda. Rivojlangan mamlakatlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni mustahkamlayapti. “Yashil” energetikadagi islohotlar natijasida hozirgacha ishga tushirilgan 2,4 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hisobiga joriy yilning olti oyida 1,6 milliard kilovatt “yashil” energiya ishlab chiqarildi.

Vazirlar Mahkamasi hamda Sirdaryo viloyati hokimligining tegishli qarorlariga muvofiq, Energetika vazirligi tomonidan Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida qishloq xoʻjaligi foydalanuvidan chiqarilgan sugʻorilmaydigan 1028 gektar yerda pavlovniya va boshqa tez oʻsuvchan daraxtlar plantatsiyasi barpo etilgani, Namangan viloyatining Mingbuloq, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod hamda Xorazm viloyatining Xiva tumanlarida pellet (yogʻoch granula yoqilgʻisi) mahsulotini ishlab chiqarish loyihasi soha uchun katta yangilik boʻldi.

Qishni koʻmirsiz oʻtkazish mumkin…

Erta tongda bir necha hamkasblar bilan Sirdaryo tomon yoʻlga tushdik. Hali kunning tafti koʻtarilmagan. Ketar ekanmiz, borar manzilimiz haqida tasavvur hosil qilish uchun bir­birimizni savolga tutamiz.

Yonimdagi hamkasbim:

— Bu tumanning Bahoriston degan joyiga ancha yillar oldin, kollejda oʻqib yurgan vaqtlarim paxta terish uchun borganman, — deya gap boshlaydi.

Suhbat orasida hududdagi yer foydalanishga yaroqsizligi, suvga talab yuqoriligi haqida ham aytib oʻtdi.

Nomidan kelib chiqib aytsak ham Mirzachoʻlni oʻzlashtirib, obod qilish ortidan Mirzaobod tumani shakllantirilgan. Asosiy hududi shoʻr va yaroqsiz boʻlgani bois, u yerda daraxt ekib, energiya olish mumkinligidan bir oz shubhalandim.

Tumanga yetganimizdan soʻng u yerdan bizga yana bir necha kishi hamroh boʻldi. Bahoriston katta yoʻldan 35 kilometr ichkarida joylashgan ekan. Biz koʻzlagan manzil tomon borar ekanmiz, yoʻl yoqasida saksovullar, bizdan begonasirab tik qotgan yumronqoziqlarga duch keldik. Simyogʻochlar ustiga uya qurgan laylaklar bu yerga oʻzgacha koʻrk bagʻishlab turibdi. Yoʻl chetida paxtazorlar va qamishzorlar koʻzga tashlanadi.

Koʻp oʻtmay, belgilangan joyga bordik. Atrofga qarab yoʻl charchogʻi aridi. Sahroning qoq yuragida yashillikka burkangan goʻsha. Bir tomonda katta­katta ikkita quvurdan daraxtlarni sugʻorish uchun hovuzga suv oqib turibdi.

“Bio­pellet” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Abror Hoshimovning aytishicha, pavlovniya oʻsimligini ekish uchun aynan Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani tanlanishiga sabab — joy kengligida. Yillar davomida foydalanilmay qolgan yer pavlovniya daraxti orqali oʻzlashtiriladi.

Xoʻsh, nima uchun aynan pavlovniya? Hech kimga sir emas, gaz, koʻmir, neftga asoslangan issiqlik elektr stansiyalari, zavod va fabrikalar chiqarayotgan zaharli gaz oqibatida ozon qatlami yemirilishi tezlashmoqda. Bugun jahonda sodir boʻlayotgan suv toshqinlari, oʻrmon yongʻinlari sonining ortgani, shaharlar havosi ifloslanishi, turli kasalliklar koʻpayishi bejiz emas. Bunday global vaziyatda insoniyat oldida energiyaga ehtiyojni ekologiyaga zarar yetkazmaydigan, muqobil mahsulotlar orqali taʼminlash vazifasi turibdi. Mirzaobod tumanidagi pavlovniya plantatsiyasi ham shu maqsadda tashkil etilgan.

Loyihaga oʻtgan yilning kuzidan kirishilgan. Kelgusi yil nihoyasiga yetkaziladi. Natijada aholi ham, sanoat korxonalari ham, hatto issiqlik elektr stansiyalari koʻmir bilan mazut oʻrniga pellet yoqib, elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Mahsulot koʻmirga nisbatan ekologik toza boʻlib, afzalligi ham shunda.

Sanoat uchun eng qulay xomashyo

Daraxt ekib, bogʻ yaratish ezgulik va ulugʻvorlik ramzidir. Ayniqsa, xalqimiz orasida daraxt ekish qadrlanadi. Har ishning oʻziga yarasha mashaqqati boʻlganidek daraxt parvarishlashning ham sir­sinoati bor. Ayniqsa, shoʻr va tuproq unumdorligi juda past joylarda bu ishning mashaqqati ikki karra oshadi.

Dunyodagi eng tez oʻsuvchi daraxt haqida eshitgan inson borki, pavlovniyaning noyob xususiyatlari, qanday sharoitda rivojlanishiga, albatta, qiziqadi. Soʻnggi yillarda qulogʻimizga nomi koʻp chalinayotgan bu daraxt yurtimiz iqlim sharoitiga ham moslashtirilib, undan kerakli maqsadlarda foydalanilmoqda.

Plantatsiyalar uchun koʻchat yetkazib berish, ekish hamda parvarishlash bilan bogʻliq yumushlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida mazkur yoʻnalishda yetarlicha tajribaga ega “Dripflex” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma tuzilgan.

Shartnomaga muvofiq, ajratilgan yerga 2 million 914,4 ming tup (shundan 800 gektarga 2 million 666,4 ming tup Kaliforniya teragi hamda 200 gektarga 250 ming tup pavlovniya) tez oʻsuvchi koʻchat ekilishi va tomchilatib sugʻorilishi koʻzda tutilgan. MCHJ 2025-yil oxirigacha bu ishlarni nihoyasiga yetkazishni rejalashtirgan.

Endi oʻz­oʻzidan savol tugʻiladi: pavlovniya oʻsimligi bizning iqlimga qanday moslashtirilmoqda, uni parvarishlash jarayonida nimalarga eʼtibor berish kerak?

— Bugun Mirzaobod tumanida plantatsiya tashkil qilish uchun ajratilgan yerdan 157 gektarga pavlovniya, 216 gektarga Kaliforniya teragi ekildi, — deydi MCHJ ish boshqaruvchisi Komilxon Saidov. — Qolgan qismiga kuzgi va bahorgi mavsumda koʻchat ekiladi. Asosiy vazifamiz — koʻchat ekish hamda parvarishlash. Bu daraxt tanasi yana ham mustahkam va baquvvat oʻsishi uchun ikki yil davomida tubidan kesiladi. U kechasi sugʻoriladi. Sababi, suv sovuq boʻlishi kerak. 5­6-yilda ishlab chiqarishga tayyor boʻladi. Bugun mamlakatimizda uning Shan Tong turi yetishtirilmoqda. Mazkur tur bosh qalariga qaraganda iqlimimizga mos. Sovuqqa, issiqqa, qurgʻoqchilikka, kasalliklarga chidamli, tanasi toʻgʻri va tez oʻsadi.

Yana bir jihati — mahsuldorligi yuqori hamda sifatli. Kesilgandan soʻng tez qayta oʻsish xususiyati bilan ajralib turadi. U gullaganda asalarilar uchun yaxshigina asal manbai boʻladi. Xushboʻy hidli. Gulidan kosmetika sanoatida keng foydalaniladi, iforidan atir olinadi. Yana pavlovniya guli boshqa daraxtlarniki singari allergiya qoʻzgʻatmaydi. Gullash mavsumida oʻzidan poʻpanak chiqarib, atrofni bulgʻamaydi.

Pavlovniya bargi juda katta boʻlib, odatda 70 santimetrgacha yetadi. Yaproq yozganida jaziramada soya­salqin beradi. Sovuq tushganida esa barcha daraxt singari bargini yerga tashlaydi. Ishning koʻzini biladigan chorvador barglarni darhol yigʻib olib, quritadi­da, chorvaga toʻyimli ozuqa sifatida beradi. Bundan tashqari, daraxt bargi hamda shoh­-shabbalaridan toʻplangan chiqindidan koʻp miqdorda bioyoqilgʻi olish mumkin. U hudud tabiati musaffoligiga ham hissa qoʻshadi. Namgarchilik ortib, havo tozalanishiga zamin yaratadi.

Xullas, loyiha ortida energiya olish bilan birga boshqa maqsadlar ham bor. Qolaversa, 1028 gektar maydondagi oʻrmonni koʻz oldingizga keltirib koʻring.

Tejamkorlik — zamon talabi

Mirzaobodda suv tanqis. 1028 gektarni sugʻorish ancha qiyin masala. Uddaburon mutaxassislar buning ham chorasini topibdi.

— Oʻsimliklar tomchilatib sugʻorilmoqda, — deydi Mirzaobod tumani suv yetkazib berish davlat muassasasi mutaxassisi Fozil Yusufaliyev. — Buning uchun 6 ta hovuz qazilib, 6 ta transformator oʻrnatilgan. Suv tejovchi texnologiyalar yordamida 2 million 700 kubgacha suv, 150 tonnagacha oʻgʻit, 30 tonnagacha yonilgʻi, 700 million soʻmlikkacha ishchi kuchi tejalishi kutilmoqda.

“Hisobini bilmagan hamyonidan ayrilar”, deganlaridek, suvga talabning yildan yilga ortib borishi undan toʻgʻri va unumli foydalanishni talab qilmoqda. Bugun tomchilatib sugʻorish tizimidagi yutuqlar quvonarli. Bu tizimning qamrovi kengayib borsa, qancha suv tejalishini tasavvur qilib koʻring.

Odamlar bandligi taʼminlanmoqda

Bir tashabbus ortida minglab insonlar taqdiri yotadi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Bugun Bahoriston hududida 4 mingga yaqin fuqaro bor. Ularning tirikchiligi, asosan, chorvachilikdan. Yer unumdorligi pastligi uchun odamlar tomorqasidan samarali foydalana olmaydi.

Loyiha doirasida mavsumda 400 nafardan 600 nafargacha ishchi kuchi jalb etildi. Bugun doimiy ish oʻrni 60 dan oshiq.

— Bu loyiha ishga tushganidan beri shu yerda mehnat qilyapman. Biz qatori mahallamizning aksariyat kishilari ham ish bilan taʼminlandi. Barcha sharoit yaratilgan, — deydi mahalliy ishchilardan Lola Allamurodova. — Oyligimiz oʻz vaqtida beriladi. Avvaliga bu loyiha amalga oshishi, shoʻrlangan joyda daraxtlar oʻsishiga shubha bilan qaraganmiz. Sababi, bu yerni faqat saksovul, shoʻra va yantoq bosib yotgan edi. Loyihaning ishga tushishi juda koʻp odamlarga yordam boʻldi. Shuning ortidan bolalarimizning yaxshi taʼlim olishi uchun shart­sharoit yaratyapmiz.

Har bir jamiyat rivoji, maʼnaviy qiyofasi shakllanishi uchun insonlar iqtisodiy tomondan ancha koʻtarilishi zarur. Bu loyiha ortidan kimdir farzandining taʼlim olishiga zamin yaratsa, yana kimdir yashash uchun yaxshi sharoit hozirlaydi. Marra qancha katta olinsa, qamrovi shuncha kengayadi.

— Bugun loyiha faqat Sirdaryo viloyati bilan chegaralanib qolgani yoʻq. Pellet mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi qurilmalarni hozircha Xorazm viloyatining Xiva, Namangan viloyatining Mingbuloq tumanlariga oʻrnatish reja qilingan, — deydi “Bio­pellet” MCHJ rahbari Abror Hoshimov. — Hozirgacha pellet ishlab chiqariladigan 2 ta qurilma keltirilib, oʻrnatildi.

Plantatsiyani sugʻorish tizimi toʻliq yoʻlga qoʻyilganidan soʻng mahalliy aholi bandligini taʼminlash maqsadida har bir oilaga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va daromad manbai yaratish uchun 1 gektargacha yer ajratib beriladi. Odamlar daraxt koʻchatlari orasida mosh, loviya singari dukkakli oʻsimliklar, qovun, tarvuz, oshqovoq kabi poliz mahsulotlari yetishtirishi mumkin.

Aksariyat hollarda qurilish uchun yogʻoch mamlakatimizga chetdan kirib keladi. Bu loyiha amalga oshsa, keyinchalik qamrov yana ham kengayib, qurilish uchun yogʻoch bilan ichki bozorni taʼminlash, hatto eksport qilish mumkinligi aytilmoqda. Tasavvur qiling­a, bir vaqtlar choʻl, unumsiz boʻlgan hududda oʻrmon shakllanadi. Buning taʼsiri ekologiyaga ham seziladi.

Bir soʻz bilan aytganda, bugun tabiatni asrash, muqobil energiya tizimini kengaytirish borasida samarali ishlar qilinmoqda. Bu ishlar ortida quyidagi ezgu maqsadlar mujassam — aholi turmush tarzini yaxshilash, band ligiga koʻmaklashish, energiyaga talabini toʻliq qoplash.

Kelajak energiyasi

Mamlakatimizda “yashil” energiya manbalarini shakllantirish boʻyicha boshlangan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Buning natijasida 2026-yilga borib, Oʻzbekistonda umumiy quvvati 5000 megavatt, 2030-yilga borib esa 18 ming megavattdan ortiq boʻlgan quyosh va shamol elektr stansiyalari ish boshlaydi. 2030-yilga borib, Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 40 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga toʻgʻri keladi. Buning natijasida yiliga qariyb 15 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Bundan tashqari, atmosferaga 21 million tonna zararli gaz chiqarilishining oldi olinadi.

Shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida 3 gigavatt quvvatli 3 ta issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish orqali tabiiy gaz sarfini kamaytirish, issiqxona gazining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan 2010-yildagi darajadan 30 foiz qisqartirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.

Strategiyada belgilangan ushbu vazifalardan kelib chiqib, joriy yilga moʻljallangan Davlat dasturi asosida 2024-yilda yurtimiz boʻylab qoʻshimcha 2500 megavatt quvvatli quyosh fotoelektr hamda shamol elektr stansiyalari, shuning dek, mikro va kichik GESlar ishga tushiriladi. Ularning baʼzilari foydalanishga topshirildi ham. Muhimi, sohaga yangicha yondashuv hamda loyihalar iqtisodiyotimiz ravnaqi va xalq farovonligiga xizmat qiladi.

Sirdaryoning Mirzaobod tumanidagi loyiha esa ana shu ezgu maqsadlarga munosib hissa qoʻshishi bilan ahamiyatlidir. Yaʼni bu yerdagi 1028 gektar maydonda parvarishlanayotgan pavlovniya oʻsimligi va shunga oʻxshash tez oʻsuvchi daraxtlar yogʻochi yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarish tajribasi yoʻlga qoʻyiladi.

Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

(Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 06.08.2024 y, 156-sonida chop etilgan)