– Keyingi yillarda sizlar iqtisodiyotimiz va islohotlarimiz tayanchiga hamda lokomotiviga aylandingiz, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Siz kabi ishning koʻzini biladigan, ishbilarmon yurtdoshlarimiz timsolida biz chin maʼnodagi Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlarini koʻramiz.

Mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish oʻrinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Ularda hozirgi kunda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilmoqdalar. Agar biz iqtisodiyotimizni yana-da yuksaltiramiz desak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishimiz zarur.

Keyingi 3-4 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, litsenziya, koʻchmas mulk va resurslarga ega boʻlish, eksport kabi masalalarda koʻplab yangi-yangi imkoniyat va sharoitlarni yaratdik. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo boʻyicha mavjud cheklovlar, toʻsiq va gʻovlarning koʻpiga barham berildi.

Eng asosiysi, el orasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga nisbatan munosabat oʻzgardi, jamiyatda ularning obroʻ va mavqei kun sayin tobora ortib bormoqda. Natijada ichki va tashqi bozorda oʻz mustahkam oʻrniga, nufuzi va brendiga ega boʻlgan, haqiqiy tadbirkorlarimiz sinfi shakllana boshladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari tadbirkor yoshlar va ayollar safi kengayib borayotganini alohida taʼkidladi.

– Men bugun ushbu zalda va joylardagi studiyalarda qatnashayotgan yuzlab tadbirkor yoshlar va opa-singillarimizni koʻrib turganimdan benihoyat xursandman.

Biz keyingi 2 yilning oʻzida, faqatgina xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga 500 million dollar mablagʻ yoʻnaltirdik. Ularni oʻz biznesini boshlashi, jumladan kasb va tadbirkorlikni puxta oʻrganishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.

Soʻnggi 5 yilda yosh tadbirkorlar 5 barobar koʻpayib, ularning soni 500 mingdan oshdi.

Tadbirkor ayollar va yoshlar safini yana-da kengaytirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bundan keyin ham iqtisodiy siyosatimizning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi, – dedi Prezident.