Slovakiya bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga kelishildi

    Biznes 15 Iyun 2023 1072

    Joriy yil 14-iyunda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Slovakiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Viktor Boretskiy o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Mamlakatlarimiz metallga ishlov berish, elektrotexnika, kimyo mahsulotlari, tibbiy asbob-uskunalar va boshqa talabga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zaro manfaatli sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ishlab chiqish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekani ta’kidlandi.

    Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish, shuningdek, Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzolashni tezlashtirish masalasi kelishib olindi. Hujjat sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish uchun mustahkam poydevor va qulay shart-sharoitlar yaratadi.

    Tomonlar qo‘shma tadbirlar jadvalini, xususan, hukumat delegatsiyalarining tashriflarini, biznes-forumlarni va milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini tashkil etishni ko‘rib chiqdilar.

    Uchrashuv yakunlari bo‘yicha muhokama etilgan barcha loyiha va tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat v savdo vazirligi matbuot xizmati.