“Dunyo” AA xabar berishicha, uchrashuv davomida mehnat migratsiyasi sohasini rivojlantirish va oʻzbekistonlik mutaxassislarini Sloveniyaga ishga jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Sloveniya tomoni Oʻzbekiston shifokor va hamshiralarini mamlakatdagi tibbiy muassasalarga ishga jalb qilishga qiziqish bildirdi.

Hukumatlar oʻrtasidagi kelishuvlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida Migratsiya agentligi va Sloveniya Bandlik xizmati oʻrtasida hamkorlik bayonnomasi imzolandi.

Tomonlar Oʻzbekiston mutaxassislarini Sloveniyaga ishga yuborish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan qoʻshma «Harakatlar rejasi«ni ishlab chiqishga kelishib oldi.

Mazkur hujjat asosida sloven tomoni mamlakatimizda Sloveniyada ishga joylashish, mutaxassislarga qoʻyilgan talablar va litsenziya olish shartlariga bagʻishlangan tashviqot tadbirlarini tashkil qiladi.