Xabarda aytilishicha, 37 yoshli bokschi WADA tomonidan oʻtkazilgan doping testlardan muvaffaqiyatli oʻtgan. Kovalyovning jamoasi vakillarining taʼkidlashicha, bokschining raqibi va musobaqa sanasi haqida hozircha bir toʻxtamga kelinmagan. Lekin uning ringga qaytishi aniq.

Maʼlumki, rossiyalik bokschi 2019-yil noyabr oyidan beri biron bir jangda qatnashmadi. Aynan oʻshanda Kovalyov meksikalik professional bokschi Saul Alvaresdan nokautga uchragandi.

Xabaringiz bor, joriy yilning boshlarida Kovalyov-Meliqoʻziyev jangining oʻtkazilishi masalasida maʼlum bir kelishuvlarga erishilgan edi. Hatto jang sanasi 30-yanvar etib belgilangandi ham. Ammo, sobiq chempionning doping-testdan oʻta olmagani oqibatida ushbu jang nomaʼlum muddatga qoldirildi.

Voqealar rivoji qanday davom etishini vaqt koʻrsatadi. Biroq, taxminlarga koʻra Kovalyov “oʻzbek boʻroni”ga roʻbaroʻ kelishdan hayiqmoqda.