Kallibek Kamalov 1926-yil 18-martda Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatib, harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, 1955-yilda Nukus davlat universitetini tamomladi. Mehnat faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar qo‘mitasi kotibi lavozimidan boshlab, keyinchalik Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Nukus shahar ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lib ishladi.

Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan K.Kamalov Qoraqalpog‘iston Respublikasi kommunal xo‘jaligi vaziri, yo‘l transporti va avtomobil yo‘llari vaziri, Qoraqalpog‘iston partiya qo‘mitasi kotibi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Butun hayoti va faoliyatini o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan yurt ravnaqiga bag‘ishlagan mohir rahbar 1959–1963-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, 1963–1984-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, Respublika yetakchisi kabi mas’ul vazifalarda jonbozlik ko‘rsatib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, turli soha va tarmoqlarda ishni zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yish borasida fidokorona mehnat qildi.

Kallibek Kamalov 1984–1986-yillarda iste’dodli diplomat sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatdi.

U ko‘p yillik serqirra mehnat faoliyati davomida boy bilim va tajribasi, rahbarlik salohiyati, yuksak insoniy fazilatlari, Vatanimizga beqiyos mehri va sadoqati bilan el-yurt qalbidan chuqur joy olgan ulug‘ inson edi. Uning bevosita rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama taraqqiy ettirish, mavjud murakkab iqlim sharoitida paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik va boshqa qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini, shuningdek, sanoat va ishlab chiqarishni ravnaq toptirish, aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Kallibek Kamalov so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksalar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarda faol ishtirok etib keldi.

Kallibek Kamalovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Shuhrat” medali va “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli davlat va jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Kallibek Kamalovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi.

 

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, A.Orinbayev, S.Turdiyev