Suhbat chogʻida tomonlar ikki mamlakat rahbariyati koʻmagida strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini va bugungi kunda deyarli barcha sohalarni qamrab olganini taʼkidladi. Hind kompaniyalari tomonidan Oʻzbekiston hududida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, boshqa yoʻnalishlar qatorida, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalarini qamrab olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, hozirgi vaqtda hind sarmoyasi ishtirokidagi 22 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari davom etyapti. Bundan tashqari, Toshkent shahrida — “ Eurosun healthcare”, Fargʻona viloyatida — “ Apollon hospital enterprises”, Namangan viloyatida — “ Mitesh Varma” kabi yetakchi hind tibbiyot klinikalarining Oʻzbekistondagi filiallarini ochish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish doirasida Oʻzbekiston tomoni saʼy-harakatlarni dori vositalari ishlab chiqarishga moʻljallangan qoʻshma loyihalarni tashkil etishga yoʻnaltirishni taklif etdi. Shuningdek, bugungi kunda bemorlar uchun eng zarur boʻlayotgan tibbiyot yoʻnalishlari, yaʼni jarrohlik, ortopediya va radiologiya yoʻnalishlari boʻyicha oʻzbek mutaxassislari uchun oʻquv kurslarini tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Muloqot chogʻida tomonlar oʻzlarini qiziqtirgan boshqa masalalarni ham muhokama qildilar. Barcha kelishuvlarni amaliyotga samarali tatbiq etish yuzasidan konstruktiv muloqotni davom ettirishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.