Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida davlat byudjeti mablagʻlarining samarali sarf etilishini taʼminlash, davlat xizmatida halollik standartlarini keng joriy etish, davlat idoralarining ochiq va oshkora faoliyat yuritishini taʼminlash kabi qator muhim yoʻnalishlarda zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlarini faol tatbiq etish masalasiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Jumladan, Qurilish sohasida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi respublikaning barcha hududlarida 2021-yil 1-yanvardan real vaqt rejimida toʻliq ishga tushirildi. Ushbu tizimning ishga tushirilishi natijasida qurilish obyektlarini rekonstruksiya qilish, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, ekspertiza, nazorat va monitoring faoliyatlari toʻliq raqamlashtirildi.
Sogʻliqni saqlash tizimida “elektron sogʻliqni saqlash” tizimi doirasida 16 ta yangi axborot tizimlari joriy qilindi. Shuningdek, 3 ta axborot tizimi tajriba sifatida ishga tushirildi hamda “Elektron taʼlim”, “Vaksina logistikasi” kabi elektron tizimlari joriy qilinmoqda.
Oliy taʼlim tizimida doktoranturaga kirish uchun oʻtkazilgan imtihon jarayonlari imtihon.edu.uz platformasida onlayn translyatsiya qilindi. Kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari ham imtihon.edu.uz platformasida onlayn translyatsiyasi tashkil etildi. Magistraturaga qabulda 2-bosqichli tanlov jarayoni yoʻlga qoʻyilib, hujjatlar magistr.edu.uz platformasida onlayn shaklda qabul qilindi.
Ikkinchi mutaxassislikka hujjat topshirish uchun ikkinchitalim.edu.uz, akademik litseylarga hamda professional taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun litsey.edu.uz, kasb.edu.uz, kollej.edu.uz, texnikum.edu.uz hujjatlarni onlayn topshirish platformalari ishlab chiqildi va joriy etildi.
Davlat xaridlari sohasida 2022-yil 1-yanvardan boshlab, barcha davlat xaridlari (eng yaxshi takliflarni tanlash va tender xarid qilish) tartib-taomillarini majburiy tartibda elektron shaklda oʻtkazilishi joriy qilindi. Hozirda davlat xaridlari maxsus axborot portali (http://xarid.uz) orqali amalga oshiriladi. Unda davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringini olib borish va nazorat qilish jarayonlari tizimlashtirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yaratilgan yana bir platforma bu “E-anticor.uz” elektron platformasidir. Mazkur elektron platforma Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Mazkur platformani yaratishda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro standartlar inobatga olindi va xorijiy mamlakatlar tajribasi, xususan Janubiy Koreya tajribasi oʻrganildi.
Elektron platforma davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarida (davlat tashkilotlari) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tadbirlarning samaradorligini tahlil qilish, baholash imkonini beradi. “E-anticor.uz”ning oʻziga xos xususiyati bu maʼlumotlarni avtomatik qayta ishlash va hisoblash boʻyicha sunʼiy intellekt texnologiyasidan foydalanilganidir. Elektron platforma mustaqil ravishda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritilgan maʼlumotlarni baholaydi.