Agentlikning maʼlum qilishicha, sogʻliqni saqlash tizimida korrupsiya illatiga chek qoʻyish maqsadida boshlangan huquqiy eksperiment oʻz mevalarini bera boshladi.

Tahlillarga koʻra, sohada jinoyatchilik surʼati pasaygan. Agar 2024-yilda korrupsiya bilan bogʻliq 527 ta jinoyat qayd etilgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 498 tani tashkil etib, 5,6 foizga kamaydi.

Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib “ISO 37001:2025” xalqaro antikorrupsiya sertifikatini qoʻlga kiritdi. Bu tibbiyot tizimining xalqaro standartlar asosida “sogʻlomlashayotgani”dan dalolat beradi.

Nazorat tadbirlari davomida manfaatlar toʻqnashuviga oid 1 280 ta xavfli holat fosh etildi. Natijada oʻz xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan va qonunbuzarlikka yoʻl qoʻygan 227 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 485 nafari esa rotatsiya qilindi. Shuningdek, qariyb 10 ming nafar rahbar xodimning daromadlari va manfaatlari deklaratsiya qilinishi qatʼiy nazoratga olindi.

Iqtisodiy samadorlik ham salmoqli boʻldi. Davlat xaridlari va tibbiy jihozlar narxlarini qayta koʻrib chiqish orqali byudjetning 247 milliard soʻm mablagʻi tejab qolindi. Bundan tashqari, 10 milliard soʻmlik ortiqcha rejalashtirishlarning oldi olindi. Tekshiruvlar davomida aniqlangan 5,5 milliard soʻmlik zarar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi va noqonuniy toʻlangan mablagʻlar davlat xazinasiga qaytarilmoqda.

Korrupsiyaga sharoit yaratib bergan 100 dan ortiq mansabdor shaxslar intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortildi, 15 nafari esa lavozimidan chetlatildi.

“E-Anticor.uz” platformasi orqali amalga oshirilayotgan raqamli nazorat tizimi inson omilini kamaytirib, yashirin sxemalarni barvaqt aniqlash imkonini bermoqda. Ayni paytda xavf darajasi yuqori boʻlgan lavozimlar roʻyxati ikki barobarga kengaytirilib, tizimni korrupsiyadan butunlay forigʻ etish boʻyicha izchil ishlar davom ettirilmoqda.