Bu haqda sog'liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov Toshkentda o'tkazilgan matbuot anjumanida yuz.uz sayti muxbiri Z. Akbarovaninig savoliga javob berish jarayonida ma'lum qildi.

Uning so'zlariga ko'ra, respublika bo'yicha barcha tug'ruq komplekslarida tartib-intizom kuchaytirilib, ochiqlik siyosati olib borilmoqda.

Vazir fuqarolarda tug'ruqxona tanlash huquqi borligini ham ta'kidlab, hududlarda — viloyat va tumanlarda zamonaviy tug'ruq komplekslari faoliyati yo'lga qo'yilganini aytib o'tdi. Endilikda oddiy fiziologik tug'ruqlarni amalga oshirish uchun poytaxtga kelish zarurati kamaydi. Oddiy fiziologik tug'ruqlar hududlarda bepul amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, murakkab klinik holatlar uchun viloyat yoki respublika darajasidagi ixtisoslashgan markazlarga yo'llanma tizimi joriy etilgan. Bu tizim tartibli va bosqichma-bosqich ishlaydi: Avvalo biriktirilgan hududiy muassasaga murojaat qilinadi. Zarurat tug'ilganda yuqori bosqichga yo'llanma beriladi. Ona yoki bola hayoti xavf ostida bo'lsa, bemor zudlik bilan yuqori darajadagi markazga yuboriladi. 

Eng muhimi — hayotiy ko'rsatmalar asosida amalga oshiriladigan kesarcha kesish operatsiyalari va shoshilinch tibbiy yordam to'liq bepul ta'minlanadi.

Respublika darajasidagi ixtisoslashgan markazlar murakkab tug'ruqlar, og'ir patologiyalar va yuqori xavfli holatlar uchun mo'ljallangan. Bu yerda zamonaviy uskunalar va yuqori malakali mutaxassislar faoliyat yuritadi.

Oddiy tug'ruqlar esa, asosan, hududiy komplekslarda amalga oshiriladi. Bu yondashuv tizim resurslaridan oqilona foydalanish va murakkab bemorlarga ko'proq e'tibor qaratish imkonini beradi.

So'nggi yillarda sog'liqni saqlash tizimida keng ko'lamli raqamlashtirish jarayoni boshlandi. Elektron yo'llanma, elektron navbat va moliyaviy nazorat tizimlari joriy etilmoqda. Bu o'zgarishlar bir necha muhim natijani ta'minlaydi: inson omilini kamaytiradi; noqonuniy komissiyaviy to'lovlarning oldini oladi; ochiq va adolatli tizim yaratadi; fuqarolarga tanlash imkonini beradi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish usullari ham zamonaviy yondashuvlar asosida yangilanmoqda. Shaffof mexanizmlar orqali sog'liqni saqlash tizimiga ishonch mustahkamlanmoqda.

Har qanday islohotning markazida inson turadi. Ayniqsa, ona va bola hayoti eng oliy qadriyatdir. Agar bemorning hayoti xavf ostida bo'lsa, tibbiy yordam zudlik bilan va hech qanday to'siqlarsiz ko'rsatiladi. Bunday holatlarda hududiy yoki respublika darajasidagi muassasaga yuborish davlat tomonidan kafolatlanadi va bepul amalga oshiriladi dedi, vazir.

Sog'liqni saqlash tizimidagi bugungi islohotlar — bu oddiy tashkiliy o'zgarish emas, balki adolat, shaffoflik va insonparvarlik tamoyillariga asoslangan yangi bosqichdir.

Tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish, bepul xizmat kafolatlarini mustahkamlash, murakkab holatlarda tezkor yordam ko'rsatish hamda raqamlashtirish orqali ochiq tizim yaratish — bularning barchasi fuqarolar salomatligini himoya qilishga qaratilgan.

Onalik va bolalikni asrash esa davlatning nafaqat vazifasi, balki muqaddas mas'uliyatidir.

Zulxumor Akbarova