Tibbiy kuzatuvlarga koʻra, bayram davrida yogʻli, qovurilgan, tuz va shakar miqdori yuqori boʻlgan taomlarning meʼyordan ortiq isteʼmol qilinishi oshqozon-ichak tizimi, jigar, yurak-qon tomir hamda qand almashinuvi jarayonlariga ortiqcha yuklama boʻladi. Ayniqsa, surunkali kasalliklari bor bemorlarda bunday holatlar xastalikning zoʻrayishiga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi bayram kunlarida ovqatlanishda quyidagi tavsiyalarga amal qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi:

  • qovurilgan va ogʻir hazm boʻladigan taomlar oʻrniga qaynatilgan, dimlab yoki bugʻda tayyorlangan ovqatlarni tanlash;
  • mayonezli salatlar, qayta ishlangan goʻsht mahsulotlari hamda tuzli taomlar ulushini cheklash;
  • sabzavot, koʻkat va tabiiy mevalarga ustuvorlik berish;
  • shirinliklarni meʼyorda isteʼmol qilish, shakarli ichimliklar oʻrniga toza ichimlik suvi yoki koʻk choy ichish;
  • ovqatni sekin, belgilangan vaqtda isteʼmol qilish, kechki payt esa ogʻir taomlardan voz kechish.

Shuningdek, bayram kunlari yetarli miqdorda suv ichish organizmda moddalar almashinuvini qoʻllab-quvvatlab, umumiy ahvolni barqaror saqlashga xizmat qiladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi fuqarolarni Yangi yil bayramini xursandchilik va yaxshi kayfiyat bilan, biroq salomatlikka masʼuliyat bilan yondashgan holda oʻtkazishga chaqiradi. Ongli va meʼyorli ovqatlanish bayram zavqini kamaytirmasdan, yangi yilga sogʻlom qadam qoʻyish imkonini beradi.