Taʼkidlanishicha, Behzod Musayev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Saudiyaning Suvayd tumanida joylashgan Sulaymon al-Habib tibbiyot majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishgan. Tibbiyot majmuasi ijrochi direktori Nosir al-Haqboniy va boshqa masʼullar bilan oʻtkazilgan muloqot davomida tomonlar shifoxonalarni boshqarish va ulardan foydalanish, raqamli sogʻliqni saqlash texnologiyalari hamda taʼlim sohalarini oʻz ichiga olgan bir qator muhim mavzularni muhokama etishgani, shuningdek, Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi delegatsiyasi majmuaning yurak kasalliklari, stomatologiya, shoshilinch tibbiy yordam, laboratoriya, radiologiya va reanimatsiya boʻlimlari hamda maxsus muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishgani maʼlum qilingan.

“Tashrif yakunida Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri shifoxonadagi yuqori darajadagi imkoniyatlar va ilgʻor texnologiyalarga alohida eʼtibor qaratar ekan, ular raqamli sogʻliqni saqlash tizimining oʻziga xos konsepsiyasi ekanligini taʼkidlagani barobarida laboratoriyalar, radiologiya, kardiologiya va shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlarining sifatli xizmat koʻrsatish imkoniyatlariga ham yuqori baho berdi”, deb yozadi “Ar-Riyod” nashri.

Shuni ham qayd etish joizki, “Forbes” jurnalining 2022-yilgi reytingida Sulaymon al-Habib tibbiyot majmuasi oʻzining boshqaruv tajribasi tufayli Yaqin Sharqdagi eng nufuzli sogʻliqni saqlash majmuasi sifatida birinchi oʻrinni egallagan.

Koʻp sonli mahalliy va xalqaro sertifikatlarga ega boʻlgan ushbu tibbiy muassasa sogʻliqni saqlash sohasidagi loyihalarni aʼlo darajada amalga oshirish, ishlab chiqish, boshqarish va foydalanish boʻyicha hamkorlik uchun ulkan imkoniyatlarga ega.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati