Ushbu hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish taklifi Sogʻliqni saqlash vazirligida Fransiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez xonim bilan boʻlib oʻtgan muloqotda ilgari surilgan edi.
Bugun Sogʻliqni saqlash vazirligida ushbu assotsiatsiya va vazirlik oʻrtasida imzolangan anglashuv memorandumi almashildi. Xoʻsh, bu Oʻzbekiston tibbiyoti uchun qanday yangi imkoniyatlarni taqdim etadi?
Maʼlumki, “AP-HP” nafaqat Yevropa, balki butun dunyodagi eng yirik shifoxonalar tizimi hisoblanadi. U tibbiyotning 52 yoʻnalishi boʻyicha innovatsion yechimlar asosida faoliyat olib boradi. Assotsiatsiyaga qarashli 44 ta shifoxonada 90 ming nafardan ziyod xodim yiliga 5,8 million nafardan ortiq bemorga xizmat koʻrsatadi.
Hozirgacha “AP-HP” jahonning 68 ta mamlakati bilan shartnoma tuzib, hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Oʻzbekiston ana shu davlatlarning oltmish toʻqqizinchisi boʻldi.
Eʼtiborli tomoni, shu paytgacha Oʻzbekiston va Fransiya sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasida bu koʻlamdagi kelishuv boʻlmagan. Ushbu memorandum esa bu sohada yangi imkoniyatlar yaratishi kutilyapti.
Qayd etilganidek, anglashuv memorandumi asosida yurtimiz tibbiyot xodimlarini Fransiyada oʻqitish va malakasini oshirish amaliyoti keng yoʻlga qoʻyiladi. Oʻz navbatida, fransuz shifokorlari mamlakatimizga kelib, bilim va tajribalari bilan oʻrtoqlashadi. Davolash-profilaktika muassasalarimiz moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilishga yaqindan yordam beradi.
Kelgusida Oʻzbekistondagi shifoxonalardan birini Fransiya mutaxassislari bilan birgalikda boshqarish tajribasini sinovdan oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.
Shuningdek, hujjatda tibbiy sugʻurta, pediatriya, akusherlik-ginekologiya, gematologiya, onkologiya, oftalmologiya kabi qator yoʻnalishlarda oʻzaro aloqalarini kengaytirish masalalari oʻz aksini topgan.
Hamkorlik doirasida yurtimizda shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish, tibbiyot xodimlarini litsenziyalash va sertifikatlash tizimini joriy etish, tibbiy taʼlim sifatini oshirish borasida ham Fransiyaning ilgʻor tajribasi oʻrganiladi va ommalashtiriladi.
Bundan tashqari, sogʻliqni saqlash sohasiga boshqaruv menejmenti tamoyillarini keng tatbiq etish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va bu tarmoqqa investitsiyalar kiritish, sanitariya xavfsizligi yoʻnalishlarida ham “AP-HP” bilan mustahkam aloqalar yoʻlga qoʻyiladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.