2022-yil 5-7-oktyabrda boʻlib oʻtgan yigʻilishda uchta yangi — “Sepsis”, «Preeklampsiya», “Akusherlik qon ketishi” Milliy klinik protokollari taqdim etildi va mamlakatimizning turli viloyatlari tugʻruq muassasalarining yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda muhokama etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari Elmira Basitxanova yigʻilishda taʼkidlaganidek, ushbu muhim xizmat mutaxassislari zamon talablariga javob berishi, homilador, tugʻruq davridagi ayollarga ilgʻor samarali texnologiyalar hamda xalqaro standartlar va protokollarga muvofiq malakali tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi kerak. Malaka oshirish jarayoni uzluksiz boʻlishi va shifokorlar, hamshiralar, doyalarni qamrab olishi kerak.

Xususan, uchrashuv davomida akusherlik qon ketishi, preeklampsiya va sepsis, yaʼni ona va homila sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan akusherlik asoratlari holatlarini boshqarish boʻyicha zamonaviy tavsiyalar berildi. Ularning oldini olish uchun homiladorlikning dastlabki bosqichlarida xavf omillarini aniqlash va oʻz vaqtida profilaktika choralarini koʻrish muhimdir.

Shunday qilib, sepsis, preeklampsiyani erta tashxislash uchun laboratoriya tekshiruvlari talab etiladi, ular bir necha daqiqada tezda bajarilishi kerak (yotoq yonidagi laboratoriya deb nomlanuvchi Ekspress diagnostikasi). Va, eng muhimi, bugungi kunda bunday diagnostika mamlakatning aksariyat akusherlik muassasalarida mumkin boʻldi.

2021-yilda Oʻzbekistonning 250 ta davolash-profilaktika muassasalariga, shu jumladan perinatal markazlar va tugʻruqxonalarga analizatorlar yetkazib berildi. Ular 3-15 daqiqa ichida Prokalsitonin, Glikatlangan gemoglobin, Troponin I, Sistatin-S, NT-proBNP, progesteron, TTG va boshqalar kabi organ funksiyalari buzilishining muhim belgilarini baholashga imkon beradi.

Milliy klinik protokollar asosida ushbu tadqiqotlar amaliyotga tatbiq etilyapti, bu esa akusherlik asoratlarini erta bosqichda aniqlashga imkon beradi. Bu bosqichda terapevtik aralashuvlar samarali boʻlib, ayollarning toʻliq tiklanishiga va natijada sogʻlom chaqaloqlarning tugʻilishiga yordam beradi.

Shuni qoʻshimcha qilamizki, hozirgi vaqtda RIAGIATM DU mutaxassislari JSST ekspertlari ishtirokida akusherlik boʻyicha 13 ta milliy klinik protokollarni ishlab chiqdi. Ushbu ish kelajakda ham davom etadi.

Respublika

Ixtisoslashtirilgan

akusherlik va ginekologiya

ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.