Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali muallifligida “Temurbek” nomli yangi tarixiy qissa yaratildi.
7 aprel kuni ushbu yangi asar taqdimoti o‘tkazildi.

Asar Sohibqiron Amir Temurning bolalik va o‘smirlik davrlarini yoritishga bag‘ishlangan bo‘lib, muallifning ko‘p yillik ilmiy va ijodiy izlanishlari asosida tayyorlandi.

Ma’lumki, Amir Temurning (milodiy 1336–1405) bolaligi, o‘smirligi haqida rasmiy risolalar, ma’lumotlar tarixiy manbalarda kam saqlangan. Nizomiddin Shomiy, Sharafuddin Ali Yazdiy, Fasix Xavofiy kabi tarixchilar asarlari, shuningdek, xalq og‘zaki ijodi namunalarida saqlanib qolgan parchalar asosida Temurbekning bolalik davrini qayta tiklashga urinishlar amalga oshirilgan.

“Temurbek” asari ana shu manbalarni badiiy talqin qilish orqali o‘quvchiga yangi qarash va tasavvur beradi. Kitobning o‘ziga xos jihati shundaki, u zamonaviy texnologiyalar asosida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan illyustratsiyalar va videomateriallar bilan boyitilgan.

Shuningdek, asar yakunida buyuk sarkardaning avlodlarga qarata aytgan so‘zlari audio formatda taqdim etilgan. “Temurbek” nafaqat tarixiy-badiiy asar, balki yosh avlodni milliy g‘urur, vatanparvarlik va ma’naviy barkamollik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan muhim manba sifatida xizmat qiladi.

Mazkur kitob keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar, tarixshunoslar va adabiyot ixlosmandlari uchun mo‘ljallangan.