баннер
27 Apr 2025
02:26

    Buyuk ajdodlarimizni oʻz nomi bilan atash lozim

    9-aprel – Amir Temur tavallud topgan kun.

    Keyingi yillarda boy va ulugʻvor madaniy merosimizni asrab-avaylash, oʻrganish va uni ommalashtirish borasidagi ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

    2017-yilning 23-iyun kuni Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinishi bu masalada qoʻyilgan eng ulugʻ qadamlardan biri boʻldi.

    Markaz tarixidagi unutilmas voqea

    Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni ushbu Markazda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Taʼkidlash joizki, ushbu tashrif markazimiz xodimlari uchun oʻziga xos, unutilmas voqea boʻldi. Qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida davlatimiz rahbari markaz faoliyatini tashkil etish, uning maʼno-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur koʻrsatmalar berdi.

    Prezident Markazning asosiy kirish foyesidan oʻrin oladigan buyuk allomalarimiz, tarixiy shaxslar qiyofalari aks etgan mahobatli rangtasvir asarlari bilan ham tanishdi. Ularni yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar berdi. Yaqin vaqt ichida Markaz olimlari tomonidan aniqlangan tarixiy eksponatlar, xorijiy muzey va kutubxonalardan keltirilgan faksimile nusxalar, Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati hamkorligida nashr qilinayotgan loyihalar namoyish qilindi.

    Davlat rahbarining “Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol koʻrib, Islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bagʻrikenglik dini ekanini, oʻzbek xalqining dunyo tamadduniga qoʻshgan buyuk hissasini anglaydi” degan fikrlari ham ayni paytda bu yerda olib borilayotgan ishlar mazmun-mohiyatini belgilaydi.

    Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi kontentini yaratishda “Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar” tamoyiliga izchil amal qilinmoqda. Markazning dunyodagi shu yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan muassasalar, muzey yoki kutubxonalardan farqi ham asosiy eʼtibor turli davrlarda yurtimizda yuzaga kelgan sivilizatsiyalar, shu davrlarda yashab oʻtgan shaxslar va ularning jahon tamadduniga qoʻshgan hissasini aks ettirishdan iborat.

    Amir Temur – millat iftixori

    Markaz ekspozitsiyasida Sohibqiron Amir Temur asos solgan saltanat va temuriylar renessansi davridagi yirik oʻzgarishlar, madaniy muhit, shu davrda yashagan allomalar hayoti va ijodi alohida oʻrin tutadi.

    Amir Temur va uning vorislari hukmdorligi davrida yuzaga kelgan yirik shaharlar, ilm-fan, madaniyat rivoji, meʼmoriy yodgorliklar, sanʼat va adabiyot durdonalari bugun dunyo ilmiy jamoatchiligi eʼtiborida turibdi. Markaz ekspozitsiyasida Amir Temur siymosi nafaqat buyuk sarkarda va davlat arbobi, balki Sharqdagi Ikkinchi renessans asoschisi, ilm-fan, maʼrifat va madaniyat homiysi, sivilizatsiya tarafdori sifatda namoyon boʻladi.

    Amir Temur Bobur va boburiyzodalar davrasida. XVII asrga mansub miniatyura


    Biroq, bugun dunyoning turli qutblarida bu ulugʻ hukmdor va uning avlodlari haqida turli xil, bir-biriga zid qarashlar borki, ularning munosib vorislari sifatida bunday nooʻrin yondashuvlarga barham berishimiz kerak boʻladi.

    Xalqaro miqyosda hali-hanuz oʻz yechimini topmagan masalalardan biri bu temuriylar va boburiylar yaxlit bir sulola ekanini keng jamoatchilikka anglatish, xususan, Gʻarb tarixchilari ham foydalanib kelayotgan “Buyuk moʻgʻullar” atamasiga munosib baho berishdan iborat.

    Boburiylar kim edi?

    Tarixdan yaxshi maʼlumki, Movarounnahr va Xurosondagi yurishlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Zahiriddin Muhammad Bobur 1525-yilda Hindistonga yurish qiladi. Shu taxlit Hindistonning katta qismida yangi sulola – Boburiylar hukmronligi oʻrnatiladi.

    Bu sulola mamlakatni to inglizlar bosqiniga qadar – 1858-yilgacha boshqargan. Boburiylar mahalliy qadriyatlar, urf-odat va anʼanalarni hurmat qilish barobarida Hindistonga yangi madaniyatni olib kirishdi. Boburiylar davri tasviriy sanʼatida mahalliy va temuriylar anʼanalarining uygʻunligi koʻzga tashlanadi. Humoyun, Akbar, Jahongir, Shohjahon, Avrangzeb singari hukmdorlar mamlakatda ilm-fan, sanʼat va madaniyat rivojiga katta hissa qoʻshishgan.

    Boburiylar sulolasi davrida ilm-fanga katta eʼtibor qaratilgan. Ularning davrida taʼlim muassasalari barpo etilgan, turli fanlarning rivoji uchun sharoitlar yaratilgan. Boburiylar davrida Hindistonda juda koʻp mashhur bino va inshootlar qurilgan.

    Jumladan, Tojmahal Sharq meʼmorchiligining eng yuksak namunalaridan biri hisoblanadi. Hindistonning Dehli shahrida joylashgan Qizil qalʼa sulolaning kuch-qudratini namoyish qiluvchi ramziy bino sifatida tanilgan.

    Boburiylar davrida oʻnlab ilmiy, falsafiy va adabiy asarlar yaratildi, ilmiy-ijodiy ishlar qoʻllab-quvvatlandi. Musavvirlik, haykaltaroshlik yuqori darajaga koʻtarilgan.

    Ajdodlar xotirasiga sadoqat

    Bouriylar har doim oʻz anʼanalariga, madaniy merosga, ona tillariga sodiq qolishgan. Manbalarga koʻra, boburiy hukmdorlar har doim eng ishonchli mulozimlar va oila aʼzolari davrasida yigʻilishlarni turkiy tilda olib borishgan.

    Boburiylar davrida hind, fors tillari bilan birga turkiy til va adabiyot ham jadal rivojlangan. Bobur, Humoyun, Komron singari sulola vakillari turkiy tilda devonlar yaratishgan, qator asarlar bitishgan.

    Shohjahon saroyida turkiy mushoiralar oʻtkazilgan, ularda Movarounnahr va Xurosondan mashhur shoirlar taklif etilgan. Turkiy tildagi asarlar fors va hind tillariga tarjima qilingan. Avrangzeb oʻz davrida koʻchirilgan turkiy tildagi “Boburnoma” qoʻlyozmasini shaxsan oʻz qoʻli bilan tahrir qilgan. Ular oʻz saroylariga Movarounnahr va Xurosondan olimlar, shoirlar, xattot va musavvirlarni chorlashgan.

    Boburiy hukmdorlar bir qator xorijiy davlatlar, hatto Rossiya bilan ham yozishmalarni ona tillari – turkiy tilda olib borishgan.

    Amir Temur davlatchiligining oʻziga xos qomusi hisoblangan “Temur tuzuklari” asari ham aynan boburiylar davrida topilgan va turkiy tildan forsiyga oʻgirilib, qayta-qayta koʻchirilgan.

    Bu davrda koʻplab Sharq adabiyoti durdonalari kitobat qilingan. Alisher Navoiyning qator asarlari, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si fors va hind tillariga tarjima qilingan. Juda koʻp temuriy hukmdorlar, ilm-fan va madaniyat namoyandalarining miniatyuralari ishlangan.

    Hind miniatyura maktabi namunalari orasida taxtdagi boburiy hukmdorlarni Amir Temur va Bobur bilan bir davrada tasvirlangan suratlari koʻp uchraydi. Bu albatta boburiylar saltanati vakillarining oʻz nasl-nasabiga boʻlgan yuksak eʼtiborini koʻrsatadi. Amir Temur va Boburning bizgacha yetib kelgan koʻpgina tasvirlari ham hind rassomlari ijodiga mansub.

    Bunday suratlardan yana biri hindistonlik musavvir Muhammad Afzal Abu Faqirullohxon ijodiga mansub boʻlib, u ayni damda Rampur Raza kutubxonasida saqlanadi. 1712-1713-yillar orasida chizilgan bu suratda sulolaning asoschisi Amir Temur oʻzining 12 nafar avlodi qurshovida tasvirlangan.

    Suratda Sohibqironning chap tomonida Mironshoh, Abu Said mirzo, Bobur, Akbar, Shohjahon, Bahodirshoh, oʻng tomonda esa, Muhammad Sulton, Umarshayx mirzo, Humoyun, Jahongir, Olamgir, Jahondorshohni koʻrish mumkin. Demak, Bobur ham, uning avlodlari ham doim turkiy ildizlari, Amir Temur avlodi ekanligi bilan faxrlanishgan.

    Sezar yurtini zabt etgan Bobur

    Joriy yilning 12-15-fevral kunlari Islom sivilizatsiyasi markazi vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Italiyada xizmat safarida boʻldi.

    Yevropada buyuk temuriyzoda hukmdor, Hindistondagi Boburiylar sulolasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga qiziqish ham ancha oldin boshlangan. Maʼlumki, Bobur Mirzo hassos shoir, qomusiy olim, atoqli davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida takrorlanmas va boy ijodiy-ilmiy meros qoldirgan.

    XVIII asr boshlaridayoq “Boburnoma” Yevropa tillariga tarjima qilina boshlagan. Yaqinda Italiyaning “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi “Boburnoma”ni italyan tilida chop etdi. Asarni atoqli italyan olimi, turkolog Federiko Pastore tarjima qilgan.

    “Boburnoma” asarining italyan tilidagi nashri taqdimotiga bagʻishlangan tadbirlar Florensiya, Rim singari shaharlarda oʻtkazildi. Ushbu tadbirlarda “Boburnoma”ning nashr etilishi ikki davlat oʻrtasidagi adabiy va maʼrifiy aloqalarda munosib oʻrin tutishi taʼkidlandi.

    Soʻz navbati menga berilganda, ushbu nashrning ikki xalq oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarda tutgan oʻrni haqida soʻz yuritarkanman, yuqorida tilga olingan masalaga alohida toʻxtalishga toʻgʻri keldi.

    Albatta, yevropalik olimlar va tadqiqotchilarning Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga, temuriylar va boburiylar merosiga hurmati va eʼtibori bizni quvontiradi. Ammo, afsuski, Yevropada bir necha asrdan beri boburiylarga nisbatan qoʻllanib kelayotgan “Buyuk moʻgʻullar” atamasini “Buyuk temuriylar” bilan almashtiradigan vaqt yetib keldi.

    “Men bu fikrni har tomonlama qoʻllab quvvatlayman, – dedi tadbirda ishtirok etgan professor Franko Kardini. – Ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning kundaligi Amir Temur va temuriylarning kelib chiqishi, jahon tamaddunidagi oʻrni haqida haqqoniy tushuncha hosil qilishimizga asos boʻladi. Amir Temur tufayli Yevropa xalqlari yarim asr davomida usmoniylar qaramligidan xalos boʻldi. Bu esa Yevropadagi Uygʻonish davriga katta turtki berdi. Amir Temur avlodidan boʻlgan Bobur va uning Hindistonda hukmronlik qilgan avlodlarini “Buyuk temuriylar” nomi bilan atash tarixiy haqiqatning tiklanishi boʻlur edi”.

    Bu birinchisi emas...

    Bu masalaga oldin ham bir necha turli xorijiy safarlar paytida toʻxtalgan edim. Bundan ikki oycha ilgari Oʻzbekiston madaniy merosiga bagʻishlangan media-ivent oʻtkazish maqsadida Buyuk Britaniyaga borganimizda ham shunday holning guvohi boʻldik. Safar davomida Londonda Viktoriya va Albert muzeyidagi nodir eksponatlar bilan tanishdik.

    Oʻsha kunlarda muzeyda “Boburiylar davri sanʼati” mavzusida koʻrgazma boʻlib oʻtayotgandi. Koʻrgazmada Bobur va uning avlodlari, Akbar, Jahongir Mirzo, Shohjahon, Avrangzeb singari hukmdorlar davriga oid nodir eksponatlar namoyishga qoʻyilgan. Ular orasida “Boburnoma”, “Akbarnoma” singari tarixiy asarlar, maxsus muraqqaʼ albomlar, ulardan oʻrin olgan miniatyuralarning asl nusxalari borligi diqqatga sazovor. Shuningdek, koʻrgazmada boburiylar davrida ishlatilgan jang qurollari, zargarlik buyumlari, shohona hadyalar, tarixiy hujjatlar, xalq amaliy sanʼatining betakror namunalarini koʻrish mumkin.

    Koʻrgazma yuqori saviyada tashkil qilingan. Tomoshabinlarning ham qadami uzilmayapti. Faqat birgina narsa dilni xira qilardi – koʻrgazmaning nomi! “Buyuk moʻgʻullar sanʼati”!

    Biz albatta koʻrgazma tashkilotchilari bilan uchrashib, bu atamaning xato ekanligi, boburiylarning bugungi moʻgʻullar va Moʻgʻulistonga aloqasi yoʻqligini tushuntirdik. Ular bu masalani har jihatdan oʻrganib chiqishga vaʼda berishdi.

    Shu haqda tadbirlarimizda ishtirok etish uchun atayin Parijdan kelgan mashhur olim, Temuriylar assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressanga aytgandim, bu fikrni toʻla-toʻkis qoʻllab-quvvatladi.

    “Men temuriylarga oid tarixiy manbalar, yevropalik olimlarning koʻplab tadqiqotlari bilan tanishman, – degan edi Bressan xonim. – Boburiylar aslida rasman temuriylar sulolasining davomchilari boʻlsa-da, ularning hukmronligi dunyo tarixchilari tomonidan alohida davr sifatida oʻrganiladi. Nima sababdan bu sulolaning “Buyuk moʻgʻullar” deb nomlanishini ochigʻi men ham tushunolmayman”.

    Bressan xonim bilan joriy yilda Parijda temuriylar merosiga bagʻishlangan xalqaro anjuman oʻtkazish, u yerda jahon ilmiy hamjamiyatiga ana shu nomni yetkazish boʻyicha gaplashib oldik.

    Tarixiy haqiqat qaror topsa...

    350-yil hukmronlik qilgan Boburiylar saltanati tarixi dunyo olimlari tomonidan yuz yillardan beri tadqiq etib kelinadi. Ammo, Gʻarb ilmiy hamjamiyati bu sulolaga nisbatan “gʻalati mashhur” sifatida qoʻllab kelayotgan “Buyuk moʻgʻullar” atamasi qanchalik toʻgʻri?

    Toʻgʻri, bu atamani haqiqatdan mutlaqo yiroq deb boʻlmaydi. Chunki genetik jihatidan turk va moʻgʻul xalqlarining ildizlari ming yillar osha yagona nuqtada tutashadi. Ammo, asrlar davomida bu ikki xalq farqli madaniyat, eʼtiqod va qarashlar taʼsirida alohida rivojlanish bosqichlarini bosib oʻtgan.

    Mirzo Ulugʻbekning maʼlumotiga koʻra, Chingizxon moʻgʻul tilidan boshqa tilni bilmasdi. Eronda hukmronlik qilgan Elxoniylar davlatida ham koʻpgina rasmiy hujjatlarni turkiy emas, moʻgʻul tilida yuritishgan. Chingizxon bosqinidan soʻng uning avlodlari islom dini va turkiy madaniyatni qabul qilishgan. Yuz yillar ichida mahalliy muhit taʼsirida Markaziy Osiyo va Oltin Oʻrdada hukmronlik qilgan chingiziy hukmdorlar toʻliq turkiylashib ketishgan.

    Bobur ota tomonidan temuriylar, ona tomonidan turkiylashgan chingiziylar avlodidan edi. Bobur oʻz asarlarida hech qachon oʻzini moʻgʻul deb atamagan. Faqatgina, Boburning chingiziylarga ona tarafdan qarindoshligi, shu bilan birga Bobur qoʻshinlari safida moʻgʻul askarlari va amirlari koʻpligi sabab Hindistonda mahalliy aholi tomonidan harbiy va musulmon elitaga nisbatan “mugʻal” (mongol yoki moʻgʻul emas) atamasi qoʻllangan. Keyinchalik yevropalik olimlar ana shu xato nuqtayi nazar sababli bu saltanatga nisbatan “Buyuk moʻgʻullar imperiyasi” ifodasini qoʻllay boshlashgan.

    Holbuki, Bobur ham, uning avlodlari ham moʻgʻul tilida gapirishmagan. Ularning hukmronligi davrida davlat tili turkiy (eski oʻzbek) va fors tillari edi.

    Bobur oʻzini hamisha turk (turkiy) ekanligi bilan faxrlangan. Jumladan 1525-yil Hindistondagi Biyona viloyati amiri Nizomxonga bitgan mana bu forsiy sheʼri ham uning qanchalik qatʼiyat va iqtidor egasi ekanini koʻrsatadi:

    Bo turk siteza makun ey miri Biyona,

    Cholokiyu mardonagii turk ayon ast,

    Gar zud naoiyu nasihat nakuni goʻsh,

    Onjo ki ayon ast, chi hojat ba bayon ast.

    (Ey Biyonaning amiri, sen turk bilan oʻynashma, uning kuch-qudrati va mardligi hammaga maʼlum. Agar tezda kelib nasihatimizni qulogʻingga ilmasang, hammaga ayon boʻlgan narsani senga bayon qilib oʻtirmaymiz).

    Jahon olimlari nima deydi?

    Oʻtgan yilning oktyabr oyida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Sharq renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” mavzusidagi xalqaro madaniy meros haftaligida germaniyalik olim, Berlin milliy kutubxonasi masʼul xodimi Oysiymo Mirsulton yana bir muhim topilma haqida maʼlumot berdi.

    Olimaning aytishicha, Berlin kutubxonasida Boburiylar hukmdori Jahongir (1569-1627) paytida 1608-1618-yillar orasida yaratilgan muraqqaʼ albomda Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Mavlaviy singari shoirlarning turkiy sheʼrlari oʻrin olgan. Shu paytga qadar Berlin kutubxonasida bu qoʻlyozmani tadqiq etgan nemis tadqiqotchilar arab alifbosidagi ushbu baytlarning oʻzbek tilida ekanini bilmaganlar va uni hindiy (urdu) tilidagi parchalar deb hisoblashgan.

    Ayni paytda Berlin kutubxonasida bu qoʻlyozmaning faqat 25 ta sahifasi saqlanadi. Qoʻlyozma dastlab 120 sahifadan iborat boʻlgan va unga 44 ta miniatyura kiritilgan. Albom sahifalari hozirgi kunda dunyoning turli hududlariga tarqalib ketgan.

    Miniatyuralarda Sharq va Gʻarb tasviriy sanʼatiga xos xususiyatlar yaqqol koʻzga tashlanadi. Turkiy tildagi sheʼrlar juda chiroyli, nastaʼliq xatida, xatosiz koʻchirilgan. Muraqqaʼda buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning oʻnlab sheʼrlari oʻrin olgan.

    Shu qoʻlyozmaning oʻzi boburiylar Hindistonda hukmronlik qilgan boʻlsa-da, ularning oʻz tarixi, madaniyati, maʼnaviy merosiga sodiq qolgani, tili va adabiyotini unutmagani, ularning rivojiga yetarlicha eʼtibor qaratganini koʻrsatadi.

    “Men uzoq yillardan beri boburiylar merosi bilan shugʻullanib kelaman, – degan edi Pokiston Islom Respublikasining Panjob universiteti professori Ruxshona Iftixor Samarqandda 2024-yil avgustda oʻtkazilgan xalqaro kongress paytida. – Nima uchun Amir Temur avlodiga mansub boʻlgan boburiylarni biz moʻgʻullar deb atashimiz kerak? Moʻgʻuliston umuman boshqa hududda joylashgan va bu xalqning tarixi, turmush tarzi va madaniyati boburiylardan tamoman farq qiladi. Men bu sulolani “Buyuk temuriylar” deb atash tarafdoriman”.

    Arnold Toynbi tan olgan haqiqat

    Britaniyalik mashhur tarixchi va sotsiolog Arnold Toynbi “Tarixni anglash” kitobida boburiylarning jahon davlatchiligida tutgan oʻrniga alohida toʻxtaladi. Boburiylar davrida hind zaminida universal davlat barpo etilganidan keyin ushbu chegaralar mustahkamlanganini alohida taʼkidlaydi. “Ular taraqqiyot bobida eng choʻqqiga chiqqan davrlarda Amudaryo havzasidagi oʻzlari kelib chiqqan oʻzbek davlatlarining bir qismini oʻz mulklariga qoʻshib olgan edilar”, deydi Toynbi oʻz asarida.

    Ushbu kitobdan olingan mana bu parchalar ham mavzuga yanada oydinlik kiritadi:

    “...Albatta Dehli ularning ham birinchi poytaxti emasdi. Lekin boburiylarning birinchi poytaxti Agra shahri ham mamlakat markazida joylashgandi”.

    “...Britaniya imperiyasi maʼmurlari ham oʻz navbatida boburiylar yoʻlini tutishdi. Bundan tashqari hind savdogarlariga mamlakat iqtisodiy hayotida ishtirok etish uchun imkoniyat yaratishdi”.

    Eʼtibor qilyapsizmi, Toynbi bu sulolaga nisbatan “Buyuk moʻgʻullar” emas, asosan “boburiylar” atamasini qoʻllagan va ularni oʻzbek hukmdorlari sifatida eʼtirof etgan. Bunday fikrlarni amerikalik tarixchi olim Frederik Starr “Markaziy Osiyoning kashf etilishi”, “Yoʻqolgan tamaddun izidan” singari asarlarida ham bildirib oʻtadi.

    Xulosa oʻrnida...

    Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda asos solgan davlatni “Buyuk moʻgʻullar” deb atash tarixiy haqiqatning buzilishidan boshqa narsa emas. Hatto ularga nisbatan ishlatiladigan “Boburiylar” atamasi ham asl haqiqatni toʻla ochib berolmaydi. Zotan, Hindiston uch yarim asr hukm surgan bu xonadon sulolaning asoschisi sifatida Boburni emas, Amir Temurni koʻrishgan.

    Dunyo tarixda bir qator hukmdorlarga nisbatan Buyuk atamasi qoʻllanilgan. Buyuk Kir, Buyuk Iskandar, Buyuk Karl, Buyuk Pyotr... Ular qatorida Buyuk Amir Temur atamasini keng istilohda joriy etish, uning avlodlarini “Buyuk temuriylar” deb atashni jahon ilmiy hamjamiyati orasida targʻib etish vaqti keldi.

    Zotan hurmatli Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda “Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon boʻladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biridir”. Tarixiy haqiqatni tiklash, buyuk ajdodlarimiz nomi va shaxsiyatiga munosib ehtirom koʻrsatish, ularni oʻz nomi bilan nomlash ham bizning vorislik burchimiz sanaladi.


    Firdavs ABDUXOLIQOV,

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.


    Hamkorlik materiali

    Telegram kanalimiz
    Text to speech