Sohil oʻyinlari keyingi yilga qoldirilmoqda

    Sport 12 Iyul 2020 1542

    Joriy yilning 28-noyabr – 6-dekabr kunlari Xitoyning Sanya shahrida oʻtkazilishi kerak boʻlgan Osiyo sohil oʻyinlari keyingi yilga qoldirilmoqda, deya xabar tarqatdi Osiyo olimpiya kengashi sayti.

    Xabarda aytilishicha, Xitoy hukumati tomonidan 2020-yili mamlakatda oʻtkazilishi belgilangan barcha sport musobaqalari bekor qilinishi ortidan qitʼaviy sohil oʻyinlarining tashkil etilishi soʻroq ostida qolmoqda.

    Sanya sohil oʻyinlari tashkiliy qoʻmitasining Osiyo olimpiya kengashiga yoʻllagan axborotida koʻrsatilishiga koʻra, 15 kun ichida Xitoy olimpiya qoʻmitasi va tegishli davlat tashkilotlari bilan kelishuvdan soʻng oʻyinlarning keyingi yil sanasi eʼlon qilinadi.

    Maʼlumki, Osiyo sohil oʻyinlari ilk bor 2008-yili Balida oʻtkazilgan boʻlib, Oʻzbekiston sportchilari ushbu musobaqalarda doimiy tarzda ishtirok etib kelmoqda. 2016-yili Vetnamning Da Nang shahrida boʻlib oʻtgan sohil sport turlari boʻyicha Osiyo oʻyinlarida mamlakatimiz sportchilari 3 oltin, 1 tadan kumush va bronza medalini qoʻlga kiritib, 41 ta Osiyo mamlakatlari orasida 15-oʻrinni egallagan edi.

    2021-yilga qoldirilayotgan bu galgi VI Osiyo sohil oʻyinlarida 2000 ming nafardan oshiq sportchilar 19 ta sport turida oʻz mamlakatlari sharafini himoya qilishi belgilangan. Biroq, musobaqa tashkiliy qoʻmitasining bildirishicha, koronavirus kasalligi taʼsirida kelib chiqayotgan iqtisodiy yetishmovchiliklar natijasida sport turlari va ishtirokchilar sonida oʻzgarishlar boʻlishi ehtimoldan yiroq emas.

    Toʻlqin ROʻZIYEV.