Soliq qoʻmitasi: nosozlik sabab asossiz yechib olingan mablagʻlarning barchasi kun oxirigacha qaytariladi

    Soliq qoʻmitasi maʼlumotlar bazasida yuz bergan texnik nosozlik sababli 30,1 ming soliq toʻlovchining hisobidan asossiz ravishda jami 399,3 milliard soʻm mablagʻ yechib olingandi.

    Xususan:

    • 7 203 nafar soliq toʻlovchidan – 100 ming soʻmgacha;
    • 10 165 nafar soliq toʻlovchidan – 100 ming soʻmdan 1 mln soʻmgacha;
    • 8 270 nafar soliq toʻlovchidan – 1 mln soʻmdan 10 mln soʻmgacha;
    • 3 780 nafar soliq toʻlovchidan – 10 mln soʻmdan 100 mln soʻmgacha;
    • 672 nafar soliq toʻlovchidan – 100 mln soʻmdan 1 mlrd soʻmgacha;
    • 10 nafar soliq toʻlovchidan – 1 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻlar yechib olingan.

    Soliq organlari mablagʻlarni bugungi kun oxirigacha soliq toʻlovchilarning hisob raqamlariga qaytarish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrmoqda.

    Xususan, Soliq toʻlovchilarning hisobidan yechib olingan mablagʻlarni qaytarish boʻyicha tegishli xulosalar toʻliq Gʻaznachilikka yuborilgan.

    Mablagʻlarni qaytarish avtomatik tarzda amalga oshiriladi, soliq toʻlovchilardan yozma murojaat talab etilmaydi.

    Shu bilan birga, tijorat banklarida hali ijro qilinmagan inkasso topshiriqlari ham qaytarib olinishi taʼminlandi.

    Bugun soat 18:00 holatiga 20 608 ta subyektga 274,7 mlrd soʻm qaytarilishi taʼminlandi.