Tanqidiy tahlil ruhida oʻtgan yigʻilishda davlat soliq xizmati organlarining 2025-yildagi faoliyati natijalari sarhisob qilinib, 2026-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yigʻilishda oʻtgan yil yakunlariga koʻra davlat byudjetiga soliq tushumlari oldingi yilga nisbatan 24,3 foizga, hududlar kesimida esa 26,5 foizga oshgani taʼkidlandi.
Hayʼat yigʻilishida asosiy eʼtibor 2026-yil “favqulodda holat yili” deb eʼlon qilinib, 30-dekabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yangi tizimni joriy etish toʻgʻrisida Farmon qabul qilingani munosabati bilan soliq organlari faoliyati ham tanqidiy koʻrib chiqildi. Xususan, 2025-yilda ayrim xodimlar tomonidan sodir etilgan maʼmuriy va jinoiy huquqbuzarliklar hamda salbiy holatlar qatʼiy tanqid ostiga olindi.
Yigʻilishda soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish maqsadida qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar bilan 2026-yilda soliq qonunchiligiga 110 dan ortiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilgani alohida taʼkidlandi. Mazkur meʼyoriy hujjatlarda soliq organlariga yuklatilgan kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda raqamlashtirish yoʻnalishida aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, joriy yilda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha masʼullarga manzilli topshiriqlar berildi. Yigʻilishda qoʻmita raisi oʻrinbosarlari, hududiy boshqarma hamda tuman (shahar) soliq organlari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Muhokamalar natijasida xizmat vazifalarini yetarli darajada bajarmagan, ish faoliyatida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 53 nafar masʼul xodimga intizomiy choralar qoʻllanildi. Shuningdek, 7 nafar hududiy soliq inspeksiyasi rahbari, 1 nafar soliq boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari va 1 nafar boʻlim boshligʻi lavozimidan ozod etildi.
Yigʻilish yakunida joriy yilning birinchi choragi uchun soliq tushumlari boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarni barcha soliq turlari kesimida sifatli va soʻzsiz taʼminlash, shuningdek, soliq qonunchiligidagi yangiliklarni soliq toʻlovchilarga oʻz vaqtida va toʻliq yetkazish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.