Soliq toʻlovchilarni roʻyxatga olish tartibida nimani oʻzgartirishni rejalashtirishmoqda

    Mamlakatimizda 5 Yanvar 2021 1799

    Vazirlar Mahkamasining “Soliq toʻlovchilarni hisobga (roʻyxatga) olish sohasidagi davlat xizmatlarini koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

    Hujjat bilan:

    • soliq toʻlovchilarini qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;
    • koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;
    • chet el yuridik shaxslarining doimiy muassasalarini hamda alohida boʻlinmalarini soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;
    • birja savdolarida qatnashuvchi norezident boʻlgan yuridik shaxslarni hamda elektron shakldagi xizmatlar koʻrsatuvchi chet el yuridik shaxslarini soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;
    • soliq toʻlovchilarni soliq organlarida soliq solish obyekti boʻyicha hisobga qoʻyish yuzasidan davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;
    • davlat xizmatlari markazlarida roʻyxatdan oʻtkazilmaydigan soliq toʻlovchi – yuridik shaxslarni soliq organlarida hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;
    • tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari – yuridik va jismoniy shaxslarning doimiy joylashgan joyi (rezidentlik) faktini rasmiy tasdiqlab berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini taqdiqlash taklif qilinmoqda.

    Hujjatning loyihasi Soliq kodeksi hamda Prezidentning “Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 10-iyuldagi PQ-4389-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

    Soliq toʻlovchilarni qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar sifatida soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazish QQS toʻlovchilarning yagona avtomatlashtirilgan tizimida hisobga olish orqali amalga oshiriladi.

    Quyidagi soliq toʻlovchilar QQS toʻlovchilarning yagona avtomatlashtirilgan tizimida majburiy tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi:

    • tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi Soliq kodeksida belgilangan soliq davrida 1 mlrd soʻmdan oshgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
    • Oʻzbekiston hududida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslari;
    • faoliyatni Oʻzbekistonda doimiy muassasalar orqali amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari;
    • oddiy shirkat shartnomasi (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnoma) doirasida amalga oshiriladigan faoliyat boʻyicha — oddiy shirkatning ishlarini yuritish vazifasi zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxs — oddiy shirkatning ishtirokchisi;
    • Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtuvchi (import) yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
    • aksiz soligʻi toʻlanadigan tovarlarni (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar va (yoki) foydali qazilmalarni kavlab olishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
    • yuridik shaxslar — qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari, basharti ularda 50 gektar va undan ortiq sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi ekin maydoni mavjud boʻlsa yoki paxta xom ashyosini ishlab chiqaruvchilar;
    • benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
    • lotereyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
    • boʻsh turgan binolar, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlar va qurilishi tugallanmagan obyektlar, shuningdek foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdori boʻlgan yuridik shaxslar, ulardan samarasiz foydalanilayotganligi boʻyicha qonunda belgilangan tartibda xulosa kiritilganda;
    • markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalari hisobidan obyektlarni (joriy va kapital taʼmirlash bundan mustasno) qurishni bajaruvchi yuridik shaxslar.

    Quyidagilar QQS toʻlovchilarning yagona avtomatlashtirilgan tizimida ixtiyoriy tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi:

    • yangi tashkil etilayotgan yuridik shaxslar;
    • majburiy tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlmagan yuridik shaxslar;
    • soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi 100 mln soʻmdan oshgan, biroq 1 mlrd soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar.

    Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

    Bahodir Buxoriy.