Advokatlik guvohnomasini berish tartibi belgilandi

    Hukumat qarori bilan Advokatlik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi

    Nizomga muvofiq, advokatlik guvohnomasi advokatlik tuzilmasi roʻyxatdan oʻtkazilgan joy boʻyicha hududiy adliya organlari tomonidan 10 yilga beriladi.

    Talabgor advokatlik tuzilmasiga qabul qilingandan soʻng advokatlik guvohnomasini olish uchun arizani “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali elektron shaklda adliya organiga yuboradi.

    Advokatlik guvohnomasini berish uchun toʻlov undirilmaydi.

    Ariza yuborilgandan soʻng 2 ish kunida advokatlik guvohnomasi beriladi.

    Advokatlik guvohnomasi tayyor boʻlishi bilan talabgorga axborot tizimi orqali real vaqt rejimida xabarnoma yuboriladi.

    Talabgorga advokatlik guvohnomasini berish quyidagi hollarda rad etiladi:

    • talabgor advokatlik tuzilmasini tashkil etmagan yoki mavjud advokatlik tuzilmalaridan biriga qabul qilinmagan boʻlsa;
    • talabgor advokat qasamyodini qabul qilmagan boʻlsa.

    Advokatlik guvohnomasi undagi maxsus QR-kodni skanerlash imkoni boʻlmaydigan darajada yaroqsiz holga kelganda haqiqiy emas deb hisoblanadi.

    Advokatlik guvohnomasi undagi maxsus QR-kod (matrik shtrixli kod) tasvirini yaroqsiz holatga kelishining oldini olish imkoni beradigan texnologiyada tayyorlanishi taʼminlanadi.

    Advokatlik guvohnomasi quyidagi hollarda qayta rasmiylashtiriladi:

    • advokatning familiyasi, ismi yoki otasining ismi oʻzgarganda, uning litsenziyasi qayta rasmiylashtirilgandan soʻng;
    • advokat boshqa adliya organi joylashgan hududda roʻyxatdan oʻtgan advokatlik tuzilmasiga kirganda;
    • advokatlik guvohnomasining amal qilish muddati tugaganda;
    • advokatlik guvohnomasi yoʻqotilgan yoxud yaroqsiz holga kelganda.