Maʼlum qilinishicha, yoʻl xoʻjaligi sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida respublika hududida 2018–2021-yillar davomida jami 19,8 trillion soʻm mablagʻ hisobiga 45,3 ming kmdan ortiq umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari va xoʻjaliklararo ichki yoʻllarda qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash ishlari olib borilgan.

Shu davr mobaynida 339,7 million dollar mablagʻ oʻzlashtirilib, 497 km uzunlikdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari sementbeton qoplama bilan rekonstruksiya qilingan.

Xususan,

A-380 “Gʻuzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” avtomobil yoʻlining 125 km qismi rekonstruksiya qilingan;

A-373 “M-39 avtoyoʻli–Guliston–Boʻka–Angren–Qoʻqon va Andijon orqali–Oʻsh” avtomobil yoʻlining Qamchiq dovonidan oʻtgan 58 km qismi sementbeton qoplama qurgan holda rekonstruksiya qilingan;

M-39 “Olmaota–Bishkek–Toshkent–Termiz” avtomobil yoʻlining 115 km qismi asfaltbeton qoplama qurgan holda rekonstruksiya qilingan;

A-373 “Toshkent–Oʻsh” avtomobil yoʻlining 208–274 km qismini aylanib oʻtishda Sirdaryo daryosi ustiga 250 km uzunlikdagi koʻprik qurilgan;

Toshkent viloyatining Qibray va Yuqorichirchiq tumanlaridan oʻtuvchi 19,2 km uzunlikdagi yangi yoʻnalishdagi avtomobil yoʻli qurilgan.

Shuningdek, sohaga xalqaro moliya institutlari, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi va Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi hamda Islom taraqqiyot banki mablagʻlari respublikaning xalqaro koridorlarini rekonstruksiya qilishga faol jalb etilgan.