Joriy yilning 9 oyi davomida tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida Biznes-ombudsmanga jami 7 629 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 3 356 ta (44 foiz) tadbirkorning huquqlari tiklandi, qolgan murojaatlar boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi.
Kelib tushgan murojaatlar xususiyatlari boʻyicha tahlil etilganda, 17 foizi soliqqa oid, 14 foiz yer, kadastr va arxitektura bilan bogʻliq, 12 foiz banklar, 10 foiz infratuzilma, 6 foiz sud va boshqa masalalaridagi murojaatlarga toʻgʻri keladi.
Kelib tushgan murojaatlar asosida tadbirkorlar manfaatlarida 1 745 ta taʼsir chorasi qoʻllanilib, shundan davlat organlari va tashkilotlariga 112 ta taqdimnoma, 53 ta xulosa va 77 ta ogohnomalar kiritildi. Qoʻllanilgan taʼsir choralari natijasida qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan mansabdor va masʼul shaxslarning 74 nafariga intizomiy jazo (taqdimnoma natijasi) choralari qoʻllanilgan.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari manfaatida sudlarga jami 198 ta daʼvo arizasi va shikoyat bilan murojaat etildi. Natijada, 47,5 milliard soʻmlik arizalar tadbirkolar foydasiga qanoatlantirilib, ularning jami 433 gektar yer maydonlariga boʻlgan mulk huquqlari tiklandi. Oʻz navbatida, davlat organlarining 1 305 nafar mansabdor va masʼul shaxslariga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi va 1,5 mlrd soʻm jarima qoʻllanildi.
Ushbu ishlarni idoralar kesimida ajratadigan boʻlsak, eng koʻp maʼmuriy bayonnomalar Qurilish vazirligi 145 ta, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 139 ta, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi 106 ta, Soliq idoralari 99 ta va boshqa idoralar xodimlariga nisbatan rasmiylashtirilgan.
Maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid ishlarning hususiyatlari boʻyicha gapiradigan boʻlsak, mansabdorlar tomonidan 456 ta holatda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish, 402 ta holatda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish, 288 ta holatda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish va 159 ta holatda boshqa huquqbuzarliklarga toʻgʻri kelmoqda.
Hududular kesimida, eng koʻp maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha rasmiylashtirilgan va koʻrib chiqilgan bayonnomalar soni Namangan viloyati 146 ta, Toshkent shahrida 133 ta, Samarqand viloyati 126 ta va Qashqadaryo viloyati 122 ta toʻgʻri kelmoqda.