Soʻnggi paytlarda Antarktida qitʼasining janubiy qismida seysmik faollikning oshishi olimlarning eʼtiborini tortmoqda. Chili universiteti Milliy seysmologiya markazi tadqiqotchilari soʻnggi uch oy ichida Antarktida qitʼasida 30 mingdan ortiq zilzila qayd etilganini eʼlon qilishdi. Zilzilaning eng baland koʻrsatkichi 6 ball boʻlgani aytilmoqda. Yerning harakatlanishi Bransfild boʻgʻozi hududiga toʻgʻri kelmoqda.

Boʻgʻoz yaqinidagi tektonik plitalarda zilzilalar tez-tez aniqlanayotgani aytilyapti, Chili universiteti bayonotida shunday deyiladi: "Zilzilalar eng koʻp takrorlangan oy sentyabrga toʻgʻri keldi. Aynan shu oyda kuniga 1000 ta zilzila qayd etilgan kunlar boʻldi".

Tadqiqotchi Serxio Berrintos esa “zilzila shu qadar tez sodir boʻlganidan ilgari yiliga 7-8 millimetrga kengaygan boʻgʻoz endilikda yiliga 15 santimetrga kengayayotganini, bu esa odatdagidan 20 baravar oʻsishni anglatishi”ni maʼlum qildi.

Antarktida eng tez “qiziydigan” mintaqalardan biri sifatida ajralib tursa-da, olimlar oʻzgaruvchan iqlimning aysberg va muzliklarga taʼsirini diqqat bilan kuzatmoqdalar. Santyago universitetidan iqlimshunos Raul Korderoning soʻzlariga koʻra silkinishlar mintaqadagi muzliklarga qanday taʼsir qilishi mumkinligi hozircha aniq emas.