“Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan 2022-yilning yanvar-mart oylarida vakolatli organ bilan kelishilgan holda oʻtkazilgan tadbirlarda 35 kV va undan yuqori elektr qurilmalariga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari, energo tizimi korxonalari, davlat tashkilotlarida elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish boʻyicha jami 221 ta holat aniqlandi. Buning natijasida 126 ta isteʼmolchilar tomonidan elektr va issiqlik energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlanib, energo taʼminot korxonalari tomonidan jami 40,3 mlrd.soʻm yetkazilgan zarar boʻyicha qayta hisob-kitoblar qilinishi taʼminlandi.
Shuningdek, shu vaqtga qadar tekshiruvlarda noqununiy ulangan, qoniqarsiz texnik holatdagi jami 2191 ta elektr qurilmaning ishi hamda xavfsizlikka rioya qilmagan 14 ta brigadaning ishi toʻxtatildi. 148 ta masʼul xodimlarga taʼsir choralar koʻrilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birga elektr tarmoqlariga noqonuniy ulangan isteʼmolchilarni aniqlash boʻyicha qoʻshma nazorat tadbirlari oʻtkazildi. Unga koʻra 277 ta isteʼmolchilar tomonidan amaldagi qoidalarga rioya etmagan holda 12,8 mln.kVt.soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi aniqlandi. Buning natijasida, tizimga 5,7 mlrd.soʻmga zarar yetkazilgan.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng koʻpi – Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, va Toshkent viloyatlarida aniqlandi.
Aniqlangan barcha holatlar boʻyicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Joriy yilning birinchi choragi davomida elektr tarmoqlarining muhofaza zonalariga noqonuniy ravishda qurilgan obyektlarning 10 263 tasi xatlovdan oʻtkazildi. Ularning 7206 tasi boʻyicha tuzilgan dalolatnomalar mahalliy xokimliklar, ijroiya sudlariga taqdim etilgan. Shuningdek, elektr energetika tizimi korxonalarida sodir boʻlgan jami 5 ta baxtsiz hodisalar maxsus tekshirilib, hujjatlar tegishli idoralar taqdim etildi.
Energetika tizimi korxonalarida ishlarni xavfsiz tashkil etish, baxtsiz xodisalarning oldini olish maqsadida inspeksiyaning hududiy boʻlimlari mutaxassislari tomonidan aniqlangan tizimdagi 109 ta korxonalarda xavfsizlik texnikasi qoidalarini buzganlik uchun 18 ta brigadalar ishi toʻxtatildi.
Energetika tizimda sodir boʻlgan 71 ta turli darajali texnologik buzilishlarda tekshirishlar oʻtkazdi. Bu kabi texnologik buzilishlar oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ularning ijrosi yuzasidan nazorat oʻrnatilgan.
Quvvat koeffitsiyentining shartnomaviy qiymatlariga rioya etilishi boʻyicha
4512 ta isteʼmolchilar bilan ishlar tashkil etilib, ularning 70 tasi tomonidan reaktiv quvvatni kompensatsiya qilish tadbirlari amalga oshirilgan, natijada texnologik yoʻqolishlarni 127,3 ming.kVt.s.ga kamaytirishga erishildi.