Soʻnggi uch oyda taksi xizmatlaridan byudjetga 9,7 mlrd soʻm soliq kelib tushdi

    Eng yuqori aylanmaga ega haydovchilar soni 8,5 mingga yaqin boʻlib, bir nafariga oʻrtacha 8,5 mln soʻmdan toʻgʻri kelmoqda.

    Soliq qoʻmitasining xabar berishicha, taksi xizmatlari sohasini legallashtirish, rasmiy ish bilan band boʻlmagan shaxslar faoliyatlarini qonuniylashtirgan holda ushbu bozordagi aylanmalar hisobini yuritish boʻyicha boshlangan ishlar yil soʻnggiga borib oʻzining ilk samarasini berdi.

    Birinchidan, bozorning eng katta ishtirokchilari soliq tizimlari bilan integratsiya qilinib, taksi xizmatlari uchun fiskal chek berilyapti.

    Ikkinchidan, yoʻlovchi tashish xizmati bilan shugʻullanuvchi oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarning rasmiy daromad manbayi shakllanib, iqtisodiy harakatlarda daromad toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hisobga olina boshlandi (mehnat staji, ipoteka, isteʼmol kreditlari, tovarlarni boʻlib toʻlash...).

    Erishilayotgan natijalar: 2023-yil dekabr oyida onlayn-taksi agregatorlari orqali 4,4 mln tashuvlar amalga oshirildi. Yoʻlovchi tashish faoliyati 80,1 ming nafar oʻzini oʻzi band qilgan haydovchi tomonidan amalga oshirilgan. Joriy yil yanvar oyida qatnovlar soni 5 mlnga yetdi. Tashish xizmatlari 113,5 ming nafar oʻzini oʻzi band qilgan haydovchi tomonidan koʻrsatildi.

    Bu raqamlar yanada oʻsishda davom etyapti va 1-mart holatiga jami koʻrsatilgan taksi xizmatlari soni 18,3 mlndan oshdi. Shundan 8,9 mlntasi fevral oyiga toʻgʻri keladi. Eng yuqori aylanmaga ega shaxslar soni 8 446 ta boʻlib, bitta haydovchiga oʻrtacha 8,5 mln soʻmdan toʻgʻri kelgan.

    Uchinchidan, naqd va naqdsiz hisob-kitoblarda toʻlovlarni fiskallashtirish boʻyicha hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida dekabr fevral oylarida budjetga 9,7 mlrd soʻm soliqlar toʻlandi.

    Va albatta, bu yoʻnalishda yechimini kutayotgan va oxiriga yetkazilishi kerak boʻlgan yana bir qator masalalar bor.

    Xususan:

    - poytaxtda va hududlarda faoliyat yuritayotgan barcha mahalliy va xorijiy onlayn-agregatorlar tizimlarni integratsiya qilish;

    - qisqa raqamlar orqali yoʻlovchi tashish bilan rasman roʻyxatdan oʻtib yoki oʻtmasdan, qonunchilik talablarga toʻliq javob bermaydigan yuridik va jismoniy shaxslar faoliyatlarini qonuniylashtirish;

    - lozim holatlarda ulardan takliflar olinib, faoliyatlarini qonuniylashtirish boʻyicha meʼyoriy xujjatlar loyihasi tayyorlash.