Biroq, qish kelib, havoning sovishi tufayli niqobdan foydalanayotganimizda uning namlanib, ichki qismi hoʻl boʻlib qolayotgani koʻpchilikning eʼtiborini tortmoqda.Bu holat boshqa kasallikka sabab boʻlmaydimi, degan xavotirlar ham yoʻq emas.

Ana shu masalada poytaxtimizdagi xususiy klinikalardan birida faoliyat yuritayotgan lor shifokori Qobiljon Toʻychiyevning fikrlari bilan qiziqdik.

– Niqob taqish bir tarafdan himoya vazifasini bajaradi,–deydi Q.Toʻychiyev.– Lekin uning zararli taraflari ham bor. Misol uchun, tashqarida havo harorati 20 daraja boʻlsa, yutib chiqarayotgan nafasimiz 36 daraja boʻladi. Zero, sogʻlom burun oʻtayotgan havoni namlab, changdan tozalab oʻpkaga 36 daraja qilib uzatadi. Bu jarayonni hisobga oladigan boʻlsak, uzoq vaqt niqob taqib yurish ogʻiz, burun boʻshligʻida haroratning balandroq boʻlishiga sabab boʻladi. Chunki, terlab, namlangan niqob havoni yaxshi oʻtkazmaydi. Bir niqobdan bir soat foydalansak, ogʻiz boʻshligʻidagi namlik evaziga kislorod oʻtkazishi kamayadi va organizmda maʼlum miqdorda kislorod dimiqishi yuzaga keladi.

Qish kunida niqobni uzoq taqib boʻlmaydi, uni tez-tez almashtirib turish kerak. Agar imkon boʻlsa, jamoat joylariga kirmaslik, iloji boricha, tezroq ochiq joyga chiqish kerak. Agar niqob matosi juda qalin va undan nafas olish qiyin boʻlsa, havo ochiq qolgan yon tomonlar orqali chiqib, niqobning oʻzi tezda namlanadi va samarasiz boʻlib qoladi. Eʼtibor qiladigan boʻlsak, niqob taqqanda burunning tepa qismida ochiq joy qoladi. Karbonat angidrid bu joydan koʻz va kiprikka urilib, ularni namlantiradi. Kiprikniku, namlanishi oʻtib ketadi, lekin koʻzni namlanib, shamolda qurishi boshqa kasalliklarning rivojlanishga sabab boʻlishi mumkin.

Agar niqob tomchilarni yaxshi filtrlamasa, bunday niqob nafaqat yordam bermaydi, balki ahvolni yana-da yomonlashtirishi ham mumkin. Kichik bir tadqiqotda shunday mato katta tomchilarni parchalayotgani koʻrinadi. Natijada, umuman niqobsiz gaplashgandan koʻra koʻproq tomchilar hosil boʻlgan. Nazariy tomondan olib qarasa, bu holat jiddiy zarar yetkazishi mumkin, chunki kichikroq tomchilar havoda uzoqroq turadi, yerga tushmaydi va infeksiyaning potensial manbai boʻlib qoladi.