Tahlillar shuni koʻrsatadiki, dunyo boʻyicha maishiy chiqindilar hajmining oʻsishi ekologik barqarorlikka juda katta salbiy taʼsir etmoqda. Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilash borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Biroq, bu borada oʻtkazilgan tahlil natijalari atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni yigʻish va qayta ishlash sohasida davlat oʻz funksiyalarini amalga oshirishda yetarlicha imkoniyatga ega emasligi koʻrinmoqda. Shulardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 29-sentyabrdagi PQ-4845-son qarori qabul qilinib, unda 2020-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan ishlash sohasida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalarini amalga oshirish belgilandi.
Xujjatda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan 2020-yilda hududlarni davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlariga biriktirish boʻyicha jami 16 ta loyiha konsepsiyalari tasdiqlanib eʼlonga qoʻyildi.
Mazkur eʼlonlar yuzasidan 8 ta loyiha boʻyicha loyiha tashabbuskorlaridan tashqari 11 ta tadbirkorlik subyektlaridan tenderda ishtirok etish yuzasidan takliflar kelib tushdi.
Shuningdek, eʼlonga qoʻyilgan 16 ta loyihadan 8 ta DXSH konsepsiya loyihalari yuzasidan talabgorlardan takliflar kelib tushmagan. Shunga koʻra mazkur loyiha tashabbuskorlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda toʻgʻridan-toʻgʻri DXSH bitimi imzolash yuzasidan muzokaralar oʻtkazilib bitim loyihalari tayyorlandi.
Jumladan, Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida DXSH loyiha boʻyicha bitim tuzish huquqini mazkur loyiha tashabbuskori “FARGʻONA POKIZA TOZALOV SERVIS” MCHJ, Furqat tumanida DXSH loyiha boʻyicha bitim tuzish huquqini mazkur loyiha tashabbuskori “Furqat Marjoni 2020” MCHJ qoʻlga kiritgan. Shunga koʻra, tomonlar davlat sherigi-Fargʻona viloyati hokimligi, davlat sherigi-Fargʻona viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda xususiy sherik-“FARGʻONA POKIZA TOZALOV SERVIS” MCHJ va “Furqat Marjoni 2020” MCHJ oʻrtasida DXSH bitimini imzolandi.
Ushbu bitimlar doirasida:
Soʻx tumani boʻyicha davlat sherigi tomonidan jami 9 ta maxsus avtotransport vositalari 7 yil muddatga boʻlib toʻlash sharti bilan (keyinchalik xususiy mulk sifatida oʻtkaziladi), 1 ta chiqindilarni joylashtirish poligonlari maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlashga investitsiya kiritish sharti bilan 10 yil muddatga begʻaraz foydalanishga va 41 ta chiqindi konteynerlari 10 yil muddatga begʻaraz foydalanish uchun taqdim etiladi.
Oʻz navbatida xususiy sherik -“FARGʻONA POKIZA TOZALOV SERVIS” MCHJ tomonidan mazkur DXSH bitimlari doirasida jami kiritiladigan jami 5,9 mlrd. soʻm miqdoridagi investitsiya mablagʻlari hisobidan 7 ta chiqindi tashuvchi texnikalar,
1 ta chiqindilarni saralash hamda 1 ta chiqindilani qayta ishlash uskunasi, 5 ta maishiy chiqindilarni toʻplash shaxobchalari qurish va 20 ta chiqindi konteynerlari sotib olish koʻzda tutilgan.
Mazkur bitimlarni amalga oshirish natijasida eng asosiysi aholini maishiy chiqindilarni tashish xizmati bilan 100% qamrab olishga, chiqindilarni qayta ishlash darajasini 38%ga yetkazishga erishiladi. Shu bilan birga mazkur loyiha boʻyicha jami 93 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Furqat tumani boʻyicha davlat sherigi tomonidan jami 9 ta maxsus avtotransport vositalari 7 yil muddatga boʻlib toʻlash sharti bilan (keyinchalik xususiy mulk sifatida oʻtkaziladi), 1 ta chiqindilarni joylashtirish poligonlari maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlashga investitsiya kiritish sharti bilan 10 yil muddatga begʻaraz foydalanishga, 6 ta maishiy chiqindilarni qabul qilish shaxobchalari va 12 ta chiqindi konteynerlari 10 yil muddatga begʻaraz foydalanish uchun taqdim etiladi.
Oʻz navbatida xususiy sherik “Furqat Marjoni 2020” MCHJ tomonidan mazkur DXSH bitimlari doirasida jami kiritiladigan jami 8,1 mlrd. soʻm miqdoridagi investitsiya mablagʻlari hisobidan 11 ta chiqindi tashuvchi texnikalar, 1 ta chiqindilarni saralash hamda 1 ta qayta ishlash uskunasi, 5 ta maishiy chiqindilarni toʻplash shaxobchalari qurish va 30 ta chiqindi konteynerlari sotib olish koʻzda tutilgan.
Mazkur bitimlarni amalga oshirish natijasida eng asosiysi aholini maishiy chiqindilarni tashish xizmati bilan 100% qamrab olishga, chiqindilarni qayta ishlash darajasini 38%ga yetkazishga erishiladi. Shu bilan birga mazkur loyiha boʻyicha jami 120 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Akmal Rajabov,
Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni
rivojlantirish agentligi mutaxassisi