Soʻx tumani “Novobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududida tashkil etilayotgan aeroport  maydoni salkam 10 gektarni egallaydi. Bu yerdan ilgari mahalliy aholi aeroport sifatida foydalangan. 

2020-yil 8-avgustdagi “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori ijrosi doirasida 6 oy ichida qurib bitkaziladigan aeroport orqali “Humo AIR” aviakompaniyasining An-2 samolyoti hamda “Uzbekistan Helicopters” MCHJga qarashli MI-8 vertolyotlarini jalb etgan holda Soʻxdan Fargʻona hamda Qoʻqon yoʻnalishlarida aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi.

Qurilish maydonchasida tuman mahallalari vakillari hamda faollari bilan uchrashgan Xayrullo Bozorov, Soʻx ahliga Davlatimiz rahbarining salom va tilaklarini yetkazib, Prezidentning alohida topshirigʻi bilan tumanga ishlab chiqarishni, sanoatni olib kirish, bandlikni taʼminlash, aholi turmush tarzini oshirish boʻyicha katta ishlar boshlanganini taʼkidladi. Bundan buyon mahallabay tizimi asosida har bir mahallaga bittadan iqtisodiy idora vakili biriktirilganini, har bir mahallaning oʻsish nuqtalarini aniqlash, ishsizlikni bartaraf etish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli ish olib boriladi.

Prezidentimizning Soʻx tumanining rivoji uchun alohida eʼtiborini qayd etgan Xayrullo Bozorov, tumanda imtiyozli soliq tizimi joriy etilganini, bundan buyon tadbirkorlar aylanmadan toʻlaydigan soliq miqdori 1 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkasi ham 1 foiz etib belgilanganini, bu oʻz navbatida investorlarni Soʻxga jalb etishga, yangi korxonalar tashkil etishga omil boʻlishiga ishonch bildirdi.