Xabarda aytilishicha, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida YPX xodimi tomonidan 33 yoshli J.O. boshqaruvidagi Lacetti toʻxtatilgan. Haydovchining hujjatlari tekshirilayotganda fuqaro oʻzini DXX xodimi deb tanishtirgan va inspektorga soxta guvohnomasini koʻrsatgan.
Soʻng haydovchi «yuqori lavozim«da ishlovchi rahbar tanishiga qoʻngʻiroq qilgan, telefon qilingan odam esa yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimiga haydovchini qoʻyib yuborish boʻyicha koʻrsatma bergan.
Ammo xodimlar oʻzini shubhali tuta boshlagan shaxsning maʼlumotlarini tekshirib, uning guvohnomasi qalbaki ekani hamda DXXga umuman aloqasi yoʻqligini fosh qilishgan. Gumonlanuvchi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Surishtiruvlar natijasida J.O. odatda oʻzini prezident administratsiyasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi sifatida tanishtirib, “mansabdor” shaxs niqobi ostida shaxsiy masalalarini hal qilib kelgani va buning uchun soxta guvohnomalardan foydalangani aniqlandi.
Ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari va 228-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan va sud hukmi bilan 3-yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.