Dastlab “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonunga eʼtibor qaratildi.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va kodekslariga jismoniy hamda yuridik shaxslarning toʻlovga qobiliyatsizligi alomatlari, shuningdek toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikka tortish asoslari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti.

Xususan, Jinoyat kodeksida soxta toʻlovga qobiliyatsizlik, qasddan toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelish holatlari uchun jinoiy javobgarlik asoslari kuchaytirilyapti. Majlisda mazkur normalarning amaliyotga joriy etilishi hozirda soxta toʻlov qobiliyatsizligi bilan bogʻliq mavjud qator muammolarga aniq huquqiy baho berishga zamin yaratishi aytib oʻtildi.

Bundan tashqari, senatorlar “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunni ham dastlabki tarzda muhokama qildilar. Qonunga bilan 2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjetining jamlanma parametrlari hamda 2025-2026-yillar uchun byudjet moʻljallari, ularni tayyorlashda asos boʻlib xizmat qilgan 2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va 2025-2026-yillar uchun maqsadli moʻljallar tasdiqlanyapti.

Majlisda ijtimoiy sohaga ajratilayotgan byudjet mablagʻlari, xususan, fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalari uchun ajratilayotgan mablagʻlar sarflanishi yuzasidan aniq hisob-kitoblar qilinganligi boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar vakillarining maʼruzalari tinglandi. Ularning soʻzlariga koʻra 2024-yil uchun ajratilayotgan byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi yuzasidan aniq rejalar tayyorlangan boʻlib, jarayon muntazam ravishda monitoring qilib boriladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Qoʻmita majlisida yana bir nechta qonunlar qizgʻin muhokama etildi va Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.