Har bir fuqaroning fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega bo'lishi huquqiy demokratik davlatning eng asosiy xususiyati sanaladi. erkin fikrlash esa so'z erkinligini taqozo etadi. Zotan, har qanday fikr so'z orqali ifodalanadi, so'zda aks etadi. Ayni paytda so'z erkinligi har bir fuqaroning zimmasiga mas'uliyat ham yuklaydi-ki, bu har qanday gapni gapirish mumkin degani emas. So'z erkinligini suiiste'mol qilish, avvalo, fuqarolarning sha'ni, qadr-qimmatini tahqirlashga olib keladi. Bu esa shaxsning haq-huquqini poymol etish bilan barobardir. Fuqaroning qonunda belgilangan haq-huquqlariga zid xatti-harakatlar jinoyat hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda so'z erkinligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishning huquqiy asoslari yanada kuchaytirilmoqda. Bugun mamlakatimiz media makonida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buni so'nggi to'rt-besh yilda ommaviy axborot vositalari mazmun-mohiyatidagi yangiliklar, ayniqsa, nodavlat internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlar faoliyatidagi faollikda yaqqol kuzatishimiz mumkin. Odamlar ishini, o'qishini, xobbilarini, turli tovar va xizmatlar logistikasini, qolaversa, davlat xizmatlarini ham Internetga ko'chiryapti. Bu, o'z navbatida, Konstitutsiya va qonunlarni zamonga hamnafas tarzda o'zgartirishni talab qilmoqda. Shu ma'noda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 33-moddasiga quyidagi normalar o'z ifodasini topdi:
“Har kim fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega.
Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
Davlat Internet jahon axborot tarmog'idan foydalanishni ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo'lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog'lig'ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta'minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo'lgan doirada yo'l qo'yiladi”.
Avvalgi Konstitutsiyada so'z erkinligi, har qanday ma'lumotni izlash, olish va tarqatish huquqi belgilangan bo'lib, internetdan foydalanish huquqi va shartlari nazarda tutilmagan edi. Vaholanki, internet hayotimizning muhim tarkibiy qismi sifatida qonun bilan himoya qilinishi, huquqiy normalar bilan tartibga solinishi kerak. Shu bilan birga, internetdan faqat qonun doirasida foydalanish mumkinligi asosiy qonunda belgilanishi kerak.
33-moddadagi davlat internetga kirishni ta'minlash uchun sharoit yaratadi mazmunidagi norma davlatning bu borada zarur shart-sharoitlarni yaratish mas'uliyatini kafolatlaydi. Moddaning mazkur normasi so'z erkinligi va axborot olish imkoniyatini ta'minlash, ushbu jarayonlarni tezlashtirish va takomillashtirishga xizmat qilishiga qaratilgan. Ushbu yangi norma bilan har bir shaxsning Internet jahon axborot tarmog'iga kirish va undan erkin foydalanish huquqi e'tirof etildi. Bu huquqning ta'minlanishi uchun bevosita davlatning o'zi shart-sharoitlar yaratishi aniq belgilandi.
Internetdan erkin foydalanish huquqi insonning so'z erkinligi huquqi doirasiga kiradi. Ushbu huquq davlat chegaralaridan qat'i nazar, turli axborot va g'oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini o'zida qamraydi. Shunday ekan, insonlar zimmasiga axborotni Internet orqali izlash, olish va tarqatish erkinligidan foydalanuvchi huquqlar bilan bir qatorda majburiyat va mas'uliyat ham yuklanib, qonunga muvofiq ravishda ayrim cheklovlar o'rnatilishi ham tabiiy holdir. Shu ma'noda 33-moddaning oxirgi bandidagi normalar barchamizni ijtimoiy mas'uliyatni anglashga, oqni qoradan, haqiqatni uydirmadan, dalilni bo'htondan ajratishga da'vat etadi. Huquqiy davlat, demokratik jamiyat rivojining muhim shartlari hisoblangan inson erkinligini ta'minlashni mustahkam, adolatli qonunchilik bilan kafolatlash — Konstitutsiyaga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritilishining asosiy sabablaridan biridir. Fuqarolarning so'z erkinligi Asosiy qonunda kafolatlangani, uni suiiste'mol qilishga yo'l qo'yilmasligi mamlakatimizda so'zning yuksak qadrlanishidan dalolatdir.
Durdona Rasulmuhamedova,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti