Bu yigʻilish sportni millat salomatligi, yoshlar tarbiyasi, ijtimoiy intizom, vatanparvarlik va davlat nufuzining uzviy qismi sifatida koʻrish zarurligini yana bir bor qatʼiy kun tartibiga olib chiqdi.

Sport faqat musobaqadan iborat emas, balki sogʻlom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon qiladigan katta kuch ekani qayd etildi. Bu yondashuv bejiz emas. Chunki sogʻlom jamiyatsiz kuchli iqtisodiyot, faol fuqarolik pozitsiyasi va raqobatbardosh inson kapitali haqida gapirish qiyin. Shu maʼnoda, sport masalasi bugun davlat va jamiyat taraqqiyotining strategik mezoniga aylanmoqda.

Soʻnggi yillarda bu borada ulkan ishlar qilindi. Yuzlab sport maydonchalari, inshootlar, xususiy klublar ishga tushirildi, xalqaro arenalarda yuksak natijalarga erishildi. Biroq videoselektor ruhidan ayon boʻldiki, erishilgan yutuqlar bilan faxrlanishning oʻzi yetarli emas. Endi natija bilan birga tizim, tashabbus va masʼuliyat ham yangi mezonlar asosida baholanadi.

Yigʻilishning eng muhim xulosalaridan biri shuki, sportga endi faqat ommaviylik emas, balki real ijtimoiy samarasi nuqtayi nazaridan yondashiladi. Yaʼni sport bilan shugʻullanuvchilar sonining oʻsishi yetarli maqsad emas. Asosiy mezon — aholining sogʻligʻi yaxshilanyaptimi, xastaliklari kamayyaptimi, jismoniy sustlik koʻrsatkichi pasayyaptimi degan savollarga javob topishga borib taqaladi. Bu, aslida, juda katta metodologik burilishdir. Chunki uzoq yillar davomida koʻplab tizimlarda koʻrsatkich uchun ishlash kayfiyati kuzatilgan boʻlsa, endi samara uchun ishlash davri boshlanmoqda.

Mahalla darajasida “salomatlik balansi”ni shakllantirish, “sogʻlom hayot volontyorlari” korpusini yaratish, namunali mahallalarni ragʻbatlantirish, trenerlarga yuqori ustamalar belgilash haqidagi ­topshiriqlar sportni maʼmuriy tadbir emas, real ijtimoiy harakatga aylantirishga qaratilgan. Bu yondashuvning kuchi shundaki, u sportni stadion yoki zaldan kengroq miqyosga olib chiqadi, kundalik turmush madaniyatiga aylantiradi.

Videoselektorda oliy taʼlim tizimiga alohida urgʻu berildi. Chunki bugun universitet va institutlar faqat bilim beruvchi maskan boʻlib qolmasligi, balki sogʻlom fikrlovchi, jismonan baquvvat, ijtimoiy faol va maqsadli yoshlarni tarbiyalovchi muhitga aylanishi lozim.

Yigʻilishda ayrim oliygohlarda sport klublari nomigagina ishlayotgani, talabalar jismoniy normativlarni topshirishda qoniqarsiz natija koʻrsatayotgani tanqid qilindi. Bu tanqid, avvalo, sportni oʻquv jarayonining “qoʻshimcha” qismi deb qarashdan voz kechish kerakligini koʻrsatadi. Aslida, talabaning jismoniy tayyorgarligi uning ruhiy barqarorligi, mehnat unumdorligi, tashabbuskorligi va hatto akademik faolligi bilan ham chambarchas bogʻliq.

Shu maʼnoda, Prezidentimizning barcha oliygoh rektorlariga bir yillik sport rejasini ishlab chiqish topshirigʻini bergani juda muhim. Bu topshiriq qogʻozbozlik uchun emas, oliy taʼlim muassasalari ichki hayotini yangicha mezonlar asosida qayta qurish uchun berildi. Bugun har bir rektor sportni faqat jismoniy tarbiya kafedrasi yoki alohida klub muammosi deb emas, butun taʼlim muassasasining rivojlanish strategiyasi deb koʻrishi kerak.

Sport sohasida Termiz davlat universiteti tajribasi misol qilib keltirildi. Demak, istak, tashabbus va tizim boʻlsa, oliygoh talabalarini keng qamrab olish, klublar faoliyatini jonlantirish va salmoqli natijaga erishish mumkin. Endi bu tajriba ­barcha oliy taʼlim muassasalari uchun amaliy dasturga aylanishi zarur.

Mazkur yigʻilishdan kelib chiqib, Andijon davlat chet tillar institutida ham aniq vazifalar belgilab olindi. Institut jamoasiga yoʻllangan murojaatnomada bu boradagi ustuvor yoʻnalishlar ochiq va qatʼiy ifodalandi.

Birinchidan, OTMda har bir talabaning jismoniy holatini tizimli monitoring qilish va “salomatlik balansi” asosida individual sogʻlomlashtirish yondashuvini joriy etish koʻzda tutilmoqda. Bu yondashuv talabaning jismoniy holatini umumiy chaqiriqlar bilan emas, aniq holat va ehtiyoj asosida yaxshilashga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, zamonaviy sport madaniyatini shakllantirish maqsadida ochiq va yopiq maydonlarda kross-fit toʻgaraklarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Bu oddiy mashgʻulot emas, balki yoshlarning chidamliligi, oʻzini yengish qobiliyati va iroda tarbiyasini kuchaytiradigan tizim boʻladi.

Uchinchidan, sportni daromad va kasb manbai sifatida koʻrishga qaratilgan yangi model institutimiz uchun alohida ahamiyatga ega. Sportda yutuqqa erishgan talabalarni mahallalardagi toʻgaraklarga murabbiy sifatida biriktirish, ularga murabbiylik va hakamlik sertifikatlarini berish, tushumning muayyan qismini bevosita talabaning oʻzida qoldirish yoshlar tashabbusini ­iqtisodiy ragʻbat bilan uygʻunlashtiradigan mutlaqo yangi qarashdir. Bunday tizim talabaning sportga munosabatini ham, oʻz mehnatiga masʼuliyatini ham kuchaytiradi.

Toʻrtinchidan, institutda “Sogʻlom hayot volontyorlari” korpusini shakllantirish orqali sport va sogʻlom turmush gʻoyalarini mahallalarga olib kirish rejalashtirilmoqda. Bu tashabbus oliy taʼlim muassasasining faqat ichki hayoti bilan cheklanmay, ijtimoiy masʼuliyati koʻlamini ham kengaytiradi.

Beshinchidan, biz sport va ilm integratsiyasiga ham alohida yondashmoqdamiz. Xalqaro sport tibbiyoti, farmakologiya, fiziologiya, diyetologiya va toʻgʻri ovqatlanishga oid ilgʻor adabiyotlarni oʻrganish, tarjima qilish hamda amaliyotga taklif etish boʻyicha maxsus lingvistik guruhlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishimiz mumkin. Bu sportni nafaqat jismoniy, balki ilmiy-intellektual rivojlanish omili sifatida ham koʻrishdir.

Bugungi vaziyat sportga faqat alohida soha yoki professional maydon sifatida qarash davri ortda qolganini koʻrsatmoqda. Endi sport oilada, mahallada, maktabda, oliygohda, mehnat jamoasida va butun jamiyat hayotida umumiy madaniyat darajasiga koʻtarilishi kerak. Haftada bir kun sport kuni etib belgilanishi, davlat idoralari va tashkilotlarda xodimlar uchun sport mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyilishi, hatto xususiy sektorga ham imtiyozlar berilishi aynan mana shu umumxalq harakati rivoji uchun xizmat qiladi.

Sportga qiziqadigan, sogʻlom turmushni qadriyat deb biladigan, oʻz irodasini tarbiyalagan jamiyat ertasini mustahkam qura oladigan jamiyatdir. Shu maʼnoda, sport faqat chempion tayyorlash emas, balki millatning ichki qudratini uygʻotish masalasi.

Andijon davlat chet tillar instituti jamoasi bu vazifalarni yuksak masʼuliyat bilan qabul qiladi. Biz uchun bugungi vazifa aniq: xorijiy tilni biladigan, dunyo bilan raqobatlasha oladigan, ayni paytda jismonan chiniqqan, sogʻlom, intizomli va yuksak maqsadli avlodni tarbiyalash. Chunki til bilish tafakkur ufqini kengaytirsa, sport iroda va hayot quvvatini mustahkamlaydi. Yangi Oʻzbekiston esa aynan ana shunday har tomonlama barkamol yoshlar bilan yuksaladi.

Dilshodbek RUSTAMOV,

Andijon davlat chet tillari instituti rektori