Bu yigʻilish sportni millat salomatligi, yoshlar tarbiyasi, ijtimoiy intizom, vatanparvarlik va davlat nufuzining uzviy qismi sifatida koʻrish zarurligini yana bir bor qatʼiy kun tartibiga olib chiqdi.
Sport
faqat musobaqadan iborat emas, balki sogʻlom turmush tarzi, intizom,
vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon qiladigan katta kuch ekani qayd
etildi. Bu yondashuv bejiz emas. Chunki sogʻlom jamiyatsiz kuchli iqtisodiyot,
faol fuqarolik pozitsiyasi va raqobatbardosh inson kapitali haqida gapirish
qiyin. Shu maʼnoda, sport masalasi bugun davlat va jamiyat taraqqiyotining
strategik mezoniga aylanmoqda.
Soʻnggi
yillarda bu borada ulkan ishlar qilindi. Yuzlab sport maydonchalari,
inshootlar, xususiy klublar ishga tushirildi, xalqaro arenalarda yuksak
natijalarga erishildi. Biroq videoselektor ruhidan ayon boʻldiki, erishilgan
yutuqlar bilan faxrlanishning oʻzi yetarli emas. Endi natija bilan birga tizim,
tashabbus va masʼuliyat ham yangi mezonlar asosida baholanadi.
Yigʻilishning
eng muhim xulosalaridan biri shuki, sportga endi faqat ommaviylik emas, balki
real ijtimoiy samarasi nuqtayi nazaridan yondashiladi. Yaʼni sport bilan shugʻullanuvchilar
sonining oʻsishi yetarli maqsad emas. Asosiy mezon — aholining sogʻligʻi
yaxshilanyaptimi, xastaliklari kamayyaptimi, jismoniy sustlik koʻrsatkichi
pasayyaptimi degan savollarga javob topishga borib taqaladi. Bu, aslida, juda
katta metodologik burilishdir. Chunki uzoq yillar davomida koʻplab tizimlarda
koʻrsatkich uchun ishlash kayfiyati kuzatilgan boʻlsa, endi samara uchun
ishlash davri boshlanmoqda.
Mahalla
darajasida “salomatlik balansi”ni shakllantirish, “sogʻlom hayot volontyorlari”
korpusini yaratish, namunali mahallalarni ragʻbatlantirish, trenerlarga yuqori
ustamalar belgilash haqidagi topshiriqlar sportni maʼmuriy tadbir emas, real
ijtimoiy harakatga aylantirishga qaratilgan. Bu yondashuvning kuchi shundaki, u
sportni stadion yoki zaldan kengroq miqyosga olib chiqadi, kundalik turmush
madaniyatiga aylantiradi.
Videoselektorda
oliy taʼlim tizimiga alohida urgʻu berildi. Chunki bugun universitet va
institutlar faqat bilim beruvchi maskan boʻlib qolmasligi, balki sogʻlom
fikrlovchi, jismonan baquvvat, ijtimoiy faol va maqsadli yoshlarni
tarbiyalovchi muhitga aylanishi lozim.
Yigʻilishda
ayrim oliygohlarda sport klublari nomigagina ishlayotgani, talabalar jismoniy
normativlarni topshirishda qoniqarsiz natija koʻrsatayotgani tanqid qilindi. Bu
tanqid, avvalo, sportni oʻquv jarayonining “qoʻshimcha” qismi deb qarashdan voz
kechish kerakligini koʻrsatadi. Aslida, talabaning jismoniy tayyorgarligi uning
ruhiy barqarorligi, mehnat unumdorligi, tashabbuskorligi va hatto akademik
faolligi bilan ham chambarchas bogʻliq.
Shu
maʼnoda, Prezidentimizning barcha oliygoh rektorlariga bir yillik sport
rejasini ishlab chiqish topshirigʻini bergani juda muhim. Bu topshiriq
qogʻozbozlik uchun emas, oliy taʼlim muassasalari ichki hayotini yangicha
mezonlar asosida qayta qurish uchun berildi. Bugun har bir rektor sportni faqat
jismoniy tarbiya kafedrasi yoki alohida klub muammosi deb emas, butun taʼlim
muassasasining rivojlanish strategiyasi deb koʻrishi kerak.
Sport
sohasida Termiz davlat universiteti tajribasi misol qilib keltirildi. Demak,
istak, tashabbus va tizim boʻlsa, oliygoh talabalarini keng qamrab olish,
klublar faoliyatini jonlantirish va salmoqli natijaga erishish mumkin. Endi bu
tajriba barcha oliy taʼlim muassasalari uchun amaliy dasturga aylanishi zarur.
Mazkur
yigʻilishdan kelib chiqib, Andijon davlat chet tillar institutida ham aniq
vazifalar belgilab olindi. Institut jamoasiga yoʻllangan murojaatnomada bu
boradagi ustuvor yoʻnalishlar ochiq va qatʼiy ifodalandi.
Birinchidan,
OTMda har bir talabaning jismoniy holatini tizimli monitoring qilish va
“salomatlik balansi” asosida individual sogʻlomlashtirish yondashuvini joriy
etish koʻzda tutilmoqda. Bu yondashuv talabaning jismoniy holatini umumiy
chaqiriqlar bilan emas, aniq holat va ehtiyoj asosida yaxshilashga xizmat
qiladi.
Ikkinchidan,
zamonaviy sport madaniyatini shakllantirish maqsadida ochiq va yopiq
maydonlarda kross-fit toʻgaraklarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Bu
oddiy mashgʻulot emas, balki yoshlarning chidamliligi, oʻzini yengish
qobiliyati va iroda tarbiyasini kuchaytiradigan tizim boʻladi.
Uchinchidan,
sportni daromad va kasb manbai sifatida koʻrishga qaratilgan yangi model
institutimiz uchun alohida ahamiyatga ega. Sportda yutuqqa erishgan talabalarni
mahallalardagi toʻgaraklarga murabbiy sifatida biriktirish, ularga murabbiylik
va hakamlik sertifikatlarini berish, tushumning muayyan qismini bevosita
talabaning oʻzida qoldirish yoshlar tashabbusini iqtisodiy ragʻbat bilan
uygʻunlashtiradigan mutlaqo yangi qarashdir. Bunday tizim talabaning sportga
munosabatini ham, oʻz mehnatiga masʼuliyatini ham kuchaytiradi.
Toʻrtinchidan,
institutda “Sogʻlom hayot volontyorlari” korpusini shakllantirish orqali sport
va sogʻlom turmush gʻoyalarini mahallalarga olib kirish rejalashtirilmoqda. Bu
tashabbus oliy taʼlim muassasasining faqat ichki hayoti bilan cheklanmay,
ijtimoiy masʼuliyati koʻlamini ham kengaytiradi.
Beshinchidan,
biz sport va ilm integratsiyasiga ham alohida yondashmoqdamiz. Xalqaro sport
tibbiyoti, farmakologiya, fiziologiya, diyetologiya va toʻgʻri ovqatlanishga
oid ilgʻor adabiyotlarni oʻrganish, tarjima qilish hamda amaliyotga taklif
etish boʻyicha maxsus lingvistik guruhlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishimiz
mumkin. Bu sportni nafaqat jismoniy, balki ilmiy-intellektual rivojlanish omili
sifatida ham koʻrishdir.
Bugungi
vaziyat sportga faqat alohida soha yoki professional maydon sifatida qarash
davri ortda qolganini koʻrsatmoqda. Endi sport oilada, mahallada, maktabda,
oliygohda, mehnat jamoasida va butun jamiyat hayotida umumiy madaniyat
darajasiga koʻtarilishi kerak. Haftada bir kun sport kuni etib belgilanishi,
davlat idoralari va tashkilotlarda xodimlar uchun sport mashgʻulotlari yoʻlga
qoʻyilishi, hatto xususiy sektorga ham imtiyozlar berilishi aynan mana shu
umumxalq harakati rivoji uchun xizmat qiladi.
Sportga
qiziqadigan, sogʻlom turmushni qadriyat deb biladigan, oʻz irodasini
tarbiyalagan jamiyat ertasini mustahkam qura oladigan jamiyatdir. Shu maʼnoda,
sport faqat chempion tayyorlash emas, balki millatning ichki qudratini
uygʻotish masalasi.
Andijon
davlat chet tillar instituti jamoasi bu vazifalarni yuksak masʼuliyat bilan
qabul qiladi. Biz uchun bugungi vazifa aniq: xorijiy tilni biladigan, dunyo
bilan raqobatlasha oladigan, ayni paytda jismonan chiniqqan, sogʻlom, intizomli
va yuksak maqsadli avlodni tarbiyalash. Chunki til bilish tafakkur ufqini
kengaytirsa, sport iroda va hayot quvvatini mustahkamlaydi. Yangi Oʻzbekiston
esa aynan ana shunday har tomonlama barkamol yoshlar bilan yuksaladi.
Dilshodbek RUSTAMOV,
Andijon davlat chet
tillari instituti rektori