Sport pasportini davlat xizmatlari orqali berish yo‘lga qo‘yiladi

    Hukumat qarori bilan (309-son, 24.07.2023 y.) Sportchilarga sport pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi

    Unga koʻra, Sport pasporti ikkinchi oʻsmirlar sport razryadidan past boʻlmagan razryadga ega boʻlgan, tegishli sport turi (bir yoki bir necha) bilan muntazam ravishda shugʻullanib kelayotgan va sport musobaqalarida doimiy ravishda ishtirok etuvchi sportchiga beriladi.

    Davlat xizmati davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali vakolatli organ (Yoshlar siyosati va sport vazirligi) tomonidan koʻrsatiladi.

    16 yoshga toʻlmagan sportchilar uchun ularning ota-onasi yoki qonuniy vakili tomonidan murojaat qilinadi.

    Cport pasportining amal qilish muddati – 5 yil boʻlib, undan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

    • bir jismoniy tarbiya va sport tashkilotidan boshqasiga oʻtishda;
    • sport musobaqalarida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtishda;
    • tibbiy tekshiruvdan oʻtishda;
    • sport unvonlari va sport razryadlarini olish uchun zarur boʻlgan normalar hamda talablarning bajarilishida;
    • qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda.

    Ariza DXM orqali taqdim etilganda, ariza beruvchidan BHMning 1/6 qismi (55 ming soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi.

    Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslardan yigʻim miqdorining 50 foizi undiriladi.