Jismoniy tarbiya va sport vazirligida ana shu eng nufuzli musobaqaga tayyorgarlik jarayoniga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Videokonferentsiya shaklida tashkil etilgan yig'ilishda jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o'rinbosari R.Ermatov, vazir o'rinbosarlari A.Karimov, N.Murotov, Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimi R.Tolipov, Milliy olimpiya qo'mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov va boshqalar mazkur musobaqada mamlakatimiz sportchilarining munosib ishtirok etishini ta'minlashga hukumat darajasida katta e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.

Shu maqsadda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-martdagi “O'zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (YAponiya) bo'lib o'tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o'yinlariga munosib tayyorlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilingan bo'lib, unga muvofiq to'rt yillikning eng nufuzli sport anjumanida ishtirok etadigan sportchilarga barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish ko'zda tutilgan.

Yig'ilishda ushbu masala yana bir bor o'rganib chiqildi, mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari belgilab olindi.

Tokio-2020 yozgi Olimpiya o'yinlariga puxta tayyorgarlik ko'rish, sportchilarimiz tomonidan hali qo'lga kiritilmagan litsenziyalarga maksimal darajada ega chiqish, yo'llanma sohibiga aylangan sportchilarga esa Olimpiya o'yinlariga mukammal darajada tayyorgarlik ko'rishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish kabi masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, yig'ilishda joriy yil Xitoyning Shantou shahrida o'tkaziladigan III o'smirlar yozgi Osiyo o'yinlari, kelgusi yil bo'ladigan XIX yozgi Osiyo o'yinlariga ham tayyorgarlikni aslo bo'shashtirmaslik, terma jamoalarda selektsiya ishlarini kuchaytirish, sog'lom raqobat muhitini shakllantirish orqali mamlakat bosh jamoalariga eng munosib sportchilarni saralab olish kerakligi ta'kidlandi.