Mamlakatimizda jismoniy tarbiya bilan shugʻullanish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, soʻnggi uch yilda 118 ta sport majmuasi, mahallalarda 7 mingta sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda 3 ming 500 ta mini-futbol, 6 mingta basketbol, voleybol, 663 ta badminton maydonlari, mingdan ortiq fitnes zallari mavjud. Har bir tuman va shahar markazlarida “Salomatlik yoʻlaklari” va velosiped yoʻllari tashkil etildi.
Taraqqiyot strategiyamizda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanadigan aholi sonini keyingi besh yilda 33 foizga yetkazish maqsadi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-fevraldagi farmon va qaroriga binoan, Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil etilgan edi. Uning eng muhim vazifalaridan biri bolalar va yoshlar oʻrtasida sportni ommalashtirishdir.
Yigʻilishda shu yoʻnalishdagi rejalar taqdimot qilindi.
Sportni rivojlantirish vazirligiga mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan birga yil davomida 6 million nafar oʻgʻil-qizlarni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olish vazifasi qoʻyildi.
Buning uchun 10-apreldan boshlab, mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlari oʻtkaziladi. Ularni tashkil etish uchun “Yoshlar daftari” jamgʻarmasidan har bir viloyatga 100 million soʻmgacha, gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi. Eng yaxshi natija koʻrsatgan yoshlar tuman va shahar, viloyat hamda milliy terma jamoalar tarkibiga saralab olinadi.
Mahallalarda sport infratuzilmasini yaxshilash, loyihalar qiymatini maqbullashtirib, maydonchalar tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Ommaviy sport tadbirlarida yoshlarning ishtiroki boʻyicha mahallalar reytingini ishlab chiqish, “qoniqarsiz” deb topilgan joylarga taniqli murabbiy va sportchilarni biriktirib, sportni rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Olimpiya va paralimpiya oʻyinlari, xalqaro musobaqalar gʻoliblari bilan mahalla yoshlari oʻrtasida motivatsion uchrashuvlar oʻtkazish muhimligi aytildi.
Shularni inobatga olgan holda, ommaviy sportni yanada rivojlantirish, joriy yil Xanchjouda oʻtadigan Osiyo oʻyinlariga puxta tayyorgarlik koʻrish, sport murabbiylari tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha qarorlar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Maʼlumki, shu yil 14-mart kuni boks boʻyicha Bahodir Jalolov, gimnastika boʻyicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktablarini tashkil etishga doir Prezident qarorlari qabul qilingan edi. Yigʻilishda shu borada amalga oshiriladigan ishlar ham taqdimot qilindi.