Departament maʼlumotiga koʻra, Soliq qoʻmitasi, Buxoro viloyati soliq boshqarmasi, «Oʻzbekneftgaz» AJ hamda bir qator mahalliy va xorijiy kompaniyalar masʼul shaxslari oʻzaro til biriktirib harakat qilgan.
Aniqlanishicha, loyiha doirasida koʻrsatilgan 5,3 trln soʻmlik xizmatlar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etilgan boʻlishiga qaramasdan, QQS summalari elektron hisob-fakturalarga noqonuniy ravishda kiritilgan.
Natijada byudjetda asossiz QQS mablagʻlari shakllantirilib, ularning bir qismi korxona hisob raqamiga qaytarilgan, yana bir qismi esa boshqa korxonaning davlat oldidagi kreditorlik qarzdorligini qoplashga yoʻnaltirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mazkur sxema orqali 643,2 milliard soʻm byudjet mablagʻi oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.